* * *
Venerolog bemor qizdan so’radi:
— Singlim, bunday g’alatomuz buketni qaerda ilintira qoldingiz?
— Dugonamning to’yida, do’xtir.
* * *
Vrach bemordan so’radi:
— Xo’sh, og’ayni, xotira mustahkamlandimi?
— Albatta mustahkamlandi!.. Vey, menga qara, kimsan o’zing-a? Mening xotiram bilan nima ishing bor?
* * *
Veterinar kasalxonaga keldi. Vrach undan so’radi:
— Xo’sh, nimadan shikoyatingiz bor?
— Vey, menga qara, namuncha so’rayverasan? Undan ko’ra, davola! Men-chi, jonivorlardan «Nimadan shikoyating bor?» deb so’ramayman, bildingmi?!.
— Shunaqami? Xo’p, mayli. Hamshira, manavi odamning tiliga dori suring! Agar yordam bermasa, tilini kesib tashlaymiz!
* * *
Hayvonot bog’ida ona to’rt yashar o’g’liga dedi:
— O’g’lim, sherning qulog’idan tortma! Burgasi ko’pga o’xshaydi. Senga o’tib qolmasin tag’in!
* * *
Muallima:
— Bolalar, inson uchun qushlarning qaysi turi foydaliroq?
Orqa partadan bir o’quvchi luqma tashladi:
— Qaynatma sho’rvaga solingani!
* * *
Muallima o’quvchidan so’radi:
— Boylar kambag’allarga yordam berishadimi?
— Ha.
— Misol keltira olasanmi?
— Albatta. Masalan, yaqinda piyonista qo’shnimiz dadamning mashinasiga mix bilan «Ahmoq» deb yozib qo’ygandi. Kasalxona xarajatining hammasini dadam to’lab berdi.
* * *
Bola onasiga dedi:
— Oyi, muzqaymoq olib bering!
— Hali zamon tushlik qilamiz. Bor, o’ynab kel!
— Muzqaymoq olib bering!
— O’yna dedim! Mayli, uyda o’ynay qol!
— Unda men bilan o’ynaysiz.
— Yaxshi, nima o’yin o’ynaymiz?
— Men dada bo’laman, siz oyi bo’lasiz.
— Bo’pti. Qani, boshladik!
— Hoy onasi, hadeb shang’illayvermay, bolaga muzqaymoq olib bersang, o’lasanmi?
* * *
Hayotda yetarlicha tajriba to’plashga ulgurgan erkakning mulohazasidan:
— Muhabbat nima? Muhabbat bu xotiningga tikilib qolasan-u, «O’ldirib qo’yaymi shu yaramasni?» deb o’ylaysan. Ammo bu ishni ortga suraverasan, suraverasan…
* * *
— Dugonajon, ozib ketibsanmi? Nima bo’ldi?
— E, hammasiga asab sababchi. Erim boshqasini topib olibdi. O’sha jazmaniga bir dunyo pul sarflayapti. Uyga kelib janjal qilgani qilgan!
— Ajrash! Unaqa erni boshingga urasanmi?
— Yana besh kiloga ozib olay! Keyin ajrashaman!
* * *
Muallima 5- sinf o’quvchisidan so’radi:
— Qo’lingda o’nta olma bor, yarmisini sinfdoshingga berding. Qancha olma qoladi?
— To’qqiz yarimta.
Olimjon HAYIT tayyorladi