QORA QO’ChQOR

(hajviya)

Keling, hasratlashiylu-u!!!

Bo’yi eshakdan pastroq bo’lsayam, yetti pushtim obro’li qo’chqorlardan bo’lgan. Ular manaman degan kazo-kazolarning hovlisida aziz mehmon bo’lgan. O’sha maqtanchoq, qaysar eshakning yelkasi yag’irlanib xizmat qilishiga guvoh bo’lishgan.

«Ha, namuncha eshakning g’iybatini qilib qolding?», demoqchimisiz? G’irt ovsar ekan-ku battol! Huda-behuda hangrab asabni buzgani yetmay, yaqinda yolg’iz qo’zimni tepmoqchi bo’libdi. Buyam mayli, suyukli qo’yvuchchaxonimga ko’z suzib, xushomad qilganiga qanday chiday? Bechora yuragi yorilib o’layozdi-ku! Jonivor deganda mundoq farosat, kultur-multur bo’lishi kerak emasmi? To’g’ri, bizam ja farishtamasmiz, tek turmaymiz. Lokigin paytini, joyini topib ma’raymiz. Xo’jayin juda fahmli odam. Saxovatining cheki yo’q. Bir-ikki ma’rab qo’ysak bas, yo’qsillik changalida qolganimizni darrov tushunadi. Keyin-chi, biz qo’chqorlarda bir chimdim bo’lsayam, kultur-multur bor. Biz eshak kabi birovning juftiga ko’z suzmaymiz.

Mening o’g’lim battolmi?

Meniyam yonimdagisini hisobga olmaganda, to’rt yaylov narida qo’chqorday-qo’chqorday o’g’illarim bor. Lekin bemehr chiqib qoldi qurmag’urlar. Ancha oldin onasiga ergashib boshqa yaylovga ketib qolganini aytmay. Qoramas, biri oq, biri ola-bula qo’chqor bo’lib tug’ilganiga ko’z yumay. Bir ariq hatlab otamdan xabar olay, sog’mikan, tirikmikan, yomonlarga yem bo’lmaganmikan, quyrug’i qalay ekan deyishmaganiga kuyaman. Qorasini ko’rsatmaydi bachchag’arlar. Qo’chqor deganniyam yoshi o’tgani sayin eti mo’rtlashib qolarkan. Goh tuyoq, goh quloq og’rib qoladi. Shu mahal qo’chqorboylarim esimga tushadi. Yuragim ezilgandan eziladi. Sog’inaman, alamim ichimga sig’may ketganda cho’zib-cho’zib ma’rayman. Ikki ko’zim mo’ltiragancha boshqa qo’chqorlarning qo’zilariga havas bilan termilaman. Yonimda astoydil o’tlayotgan yolg’iz qo’zichog’imga qarayman. Ha, uning yungi qop-qora. Xudo xohlasa, akalariga o’xshamaydi. O’zimga o’xshagan haqiqiy qora qo’chqor bo’ladi. Shularni ko’nglimdan o’tkazaman-u, yuragim ezilib serka hofizning bir qo’shig’ini eslayman.

Boshim to’ngaklarga botgan kunlarim,

Ma’rolmay bag’rim xun yotgan kunlarim,

Tanamda ne dard bor tortgan kunlarim,

Meni yolg’iz qo’ymang, qo’zivoylarim.

Qo’chqorga et yarashadi

Boya bekorga eshakni esga olmadim. Bir paytlar mengayam et bitgan. Dumbulday dirkillab, quyruqlarim selkillab, burama shoxlarimni hammaga ko’z-ko’z qilganman. G’ayratim ichimga sig’may, to’yguncha yaylovni aylanib chopganman. Sattang-a ketvorgan qo’yxonimlarni pisand qilmaganman. O’shandayam xuddi shu eshak bor edi. Burama shoxlarimga yer ostidan qo’rqa-pisa qarab qo’yardi. Sal yaqiniga borsam, shataloq otib qochardi. Eng sero’t joylarni men uchun qoldirishga majbur bo’lardi. Endi esa… Ancha ozib qoldim. Quyruqning ham ko’zga yaqinlik joyi qolmadi. Odatda ozib ketgan qo’chqordan xo’jayinlar qassobga topshirib qutulishadi. Shunisidan qo’rqardim. Axir, meni qassobga topshirishsa, qo’yxonim, qo’ziboyim sarson bo’lishadi! Men ularning ahvolini ko’rib, choyxona palovxonto’raxo’rlarning qornida tik turaman-ku!

Xudoga aytganim bor ekan. Yaqinda xo’jayinning xotiniga shipshitayotganini eshitib qoldim.

— Bu qo’chqorni qassobga topshirmaymiz? — dedi xo’jayin. — Bilasanmi nega?

— Nega? — ensasi qotib men tarafga sovuq qarab qo’ydi yangam. — Suyakdan boshqa narsasi qolmagan qo’chqorni boshingizga urasizmi? Bekorga shuncha yem uvol bo’ladi-ku!

— E, tovuqmiya, — qo’l siltadi xo’jayin. — Bu qo’chqor zotli. Hali ko’-up o’ziga o’xshagan qora qo’chqorlarni dunyoga keltiradi. Unga… ko’z tekkan ko’rinadi. Isriq solvor!

— Ha-a, to’g’ri aytdingiz, — ko’rsatkich barmog’ini men tomonga o’qtalib so’z qotdi yangam. — Anavi Sottinisa qo’shnimiz nuqul shu qo’chqordan ko’z uzmasdi. Ko’zi bor u yaramasning! Hoziroq isriq solaman! Ajabmas yana semirsa, quyrug’i selkillab ketsa-a?

— Ha, albatta semiradi, — dedi xo’jayin jonlanib. — Yemning zo’ridan opkeltiraman. Mana ko’rasan, bir oyda ilgarigi holiga keladi…

Mana, shundan beri xo’jayin yemning zo’rini opkelishini kutyapman. Ishonaman. Bizning xo’jayin bir so’zli odam. Albatta zo’r yem opkelib oldimga tashlaydi. Men yana semiraman. Eshakning ko’zini kuydiraman. U hasaddan ich etini yeydi.

Qo’yxonbegim

Mening xotinim inastranka. Xotinimni erkalab qo’yxonbegim deb chaqiraman. Uni xo’jayin o’ttizta yaylov naridan opkelib bergan. Avvallari bir-birimizning tilimizni tushunmay qiynalardik. Men ma’rab chaqirsam, bo’ynini qisib turaverardi. Inastrankeydi-da! Yo’q, vafodor chiqib qoldi qo’yxonbegim. Mening tilimni o’rganib oldi. Yem bormi-yo’qmi, ortimdan qolmay ergashadigan bo’ldi. Begona urg’ochilarni yaqinimga yo’latmadi. Hamisha yonimda turdi. Zerikkan paytlarimizda maza qilib ma’rashdik. Xursand bo’lganim, u menga qo’ziboyimni tug’ib berdi. Ochig’i bor-u, anavi bemehr o’g’illarimdan sal shubham bor. «Onasi boshqa qo’chqorga ko’z suzib qo’ymaganmikan?» deb o’ylayman. Axir, ularning hech biri qora yunglimas-da! Hozirgi yolg’iz qo’ziboyim quyib qo’ygandek o’zimga o’xshaydi. Unga qarab turib onasiga mehrim ortaveradi. Jo’shib ketganimda ma’rab-ma’rab qo’yxonbegimni asta shoxlab qo’yaman. U esa bosh silkitadi-yu, tek turib qoladi. Xotin shunday itoatkor bo’lsa-da! Har qanday qo’chqorning bunday xotin bilan yashab kayfi chog’lanadi, semiradi, yangi avlodlarni dunyoga keltirish payida bo’ladi.

Yurak kasal

O’tgan kuni o’tloqda o’y surib turgandim, katta ko’chadan qorindor bir erkak ozg’in, serka hofiznikiga o’xshash cho’qqisoqol sherigi bilan o’tib qoldi. Ro’paramga yetganda, birdan to’xtadi-da, qo’lini bigiz qilib meni ko’rsatgancha sherigiga so’z qotdi.

— Mana shularning dastidan yurak kasal bo’ldim, — dedi qorindor xezlanib. — Menga qolsa, shu qo’chqorlarning hammasini quritvorardim!

Erkak deganiyam shunchalik surbet bo’ladimi, oka? Azbaroyi shoxim qichishganidan ma’ravordim. Bu nusxaning tilida gapira olmasligim alam qildi. Shundayam xayolan zorlandim.

«Ho’v, oshna, — dedim boshimni likillatib. — Bizlarning quyruqdan osh damlab yegandan keyin achchiq ko’k choydan ko’proq ho’plagin-da! Qolaversa, sening qozoningga tushgan o’sha qo’chqorning yaqinlaridan erta ayrilib, qorningda tik turishiniyam unutma!»

Olimjon HAYIT