MALLA MUShUK MONOLOGI…
Xo’jayindan ham, xo’jaykadan ham kuydim! Hammasi jonimga tegdi! Axir shuyam insofdanmi, birodarlar? O’tirsam o’poq, tursam so’poq deyishadi. Nima emish, tovoqchadagi non bo’laklarini tovoqchaning o’zida yeyishim kerakmish. Polga uvoq tushsa, gunoh bo’larmish. Vey, hamma narsaniyam chek-chegarasi bo’ladi-da, oshna! Senlar er-xotin ja farishtamiding?! Xontaxta oldida o’tirib ovqatlanganing bilan hali go’sht bo’lagi, hali guruch, hali non ushog’ini polga tushirib yuborasan. Xo’sh, o’shalarni kim terib yeydi? Menmi yo katta xolangmi?! Supurgi qidirib hadeganda ovora bo’lmaysan. Yog’ tushsa, yalaguday qilib tozalab qo’ysam. Ha, endi, bir mushukning karomati shunchalik bo’lar-da!
Hojat masalasidayam qachon qarasa, xo’jayindan turtki eshitaman. Nima qilay, xo’j-ja-yin? Menga qolsa, yarim kechasi tiqir-tiqir qilib, birovning uyqusini buzmay, deyman. Lokigin biz mushuklarda tozalik, gigiena degan tushunchalar ja kuchli, ha! Bu yog’idan kelsangiz, it ham yotgan yerini tozalaydi-ku! U it! Biz-chi? Kimsan mushuklarmiz, axir. Insof qilgin-da mundoq…
Lekin-chi, xo’jayinning o’tgan kungi turtkilashi rosa alam qildi menga. Yoz kuni bo’lgani bilan tongga yaqin shudring tushadi. Havo salqin bo’ladi. Qarasam, xo’jayin issiq ko’rpaga o’ralgancha maza qilib uxlayapti. Etim junjikishiga chidolmay, asta oyoq tarafidan ko’rpa ostiga kirganimni bilaman. Shunaqa tepdi, shunaqa tepdi. Jonim halqumimga kelayozdi. Vey, qanaqa takabbur, shafqatsiz va diyonatsiz odamsan-a?! Menam erkakman axir! Bitta jonim bo’lsa. O’layinmi sovqotib? Birpas jim yotsang, isinishga izn bersang, asakang ketarmidi, nomard?!
O’zi-chi, boqishniyam ja qotirib qo’yayotganing yo’q, og’ayni! Buyam erkak, baquvvat-baquvvat ovqat yesin, demaysan. Xotinchangga o’girilib: «Ana, qotgan-qutgan nondan to’g’rab, ustidan suv quy, hamma yoqni ushoqqa to’ldirmasa, go’rga», deysan-da, qo’ltiqlashib chiqib ketasan. Men sho’rlik nima qilay? O’sha ivitilgan nonni sho’rva deb tasavvur qilaman-u, yum-yum yig’lagancha majburan yeyman…
Bu yog’ini aytadigan bo’lsam, men shu katalakdek uyingga qadam bosib kirganimdan beri kechalari ustingga suvarak o’rmalab ketmaydi, qayoqdagi bachkana, ovsar sichqonlar xonangni aylanib chopmaydi. Chunki men turibman bu uyda. Jilla qursa shuning hurmati yo’qmi?
Miyovlashni-ku gapirmay qo’ya qolay. Bekorga bag’rim tig’lanadi, qalbim ozor chekadi. O’ksiyman, alamim keladi. Erkakligim, mendayam qalb borligini umuman hisobga olmaysanlar. Men bechora ko’chani to’ldirib, tun bo’yi miyovlab chiqadigan xonimlar bilan xayolan tanishaman, ovoz chiqarmasdan dardimni aytaman. Ular ham go’yo meni qidirayotgan kabi qattiqroq miyovlay boshlashadi.
Qalbim hijron azobidan azbaroyi qiynalganda xona aylanib chopish bilangina cheklanaman. Chunki bilaman, miyovlay boshladimmi, tamom, ustimga hali pashsha o’ldirgich, hali tufli uchadi. Biror yerim mayib bo’lishidan qo’rqib, haqiqiy erkaklardek sukut saqlayman, dardimni ichimga yutaman…
E, mayli, gapirsam gap ko’p. Yaxshisi, o’zimni chalg’itay. Ana, deraza qiya ochiq qolibdi. Yorug’ dunyoni bi-ir tomosha qilay.
Oh! Dunyo yuqori qavatdan yanayam go’zal, jozibali ko’rinadi-da! Chinorlarni qarang! Majnuntollarning bosh egib turishini ko’ring! Eh, qaniydi, shu qadimiy chinorlar ustida sevgilim bilan miriqib quvlashmachoq o’ynasam… Orzularim ushalardi, armon neligini bilmay yashardim. Anavi xo’jayin-xo’jaykalarning turtkisidan bezor bo’lmasdim…
Ie, anavi qushmi? O’, qo’rqmasdan yaqinimda yalpayib o’tirishlarini qarang! Hali qush tanovul qilishga suyagim yo’qligini bilmaydi, chog’i.
Ho-o-zir, qushcham! Astagina yaqinlashib olay-chi senga! Ha-a, bugun ko’nglim kabob tusaganini sezgan ko’rinasan-a? Mana, hozir… Yetamiz-da senga…
Ie-ie, bu nimasi? Sheriklari qaerdan keldi? Baqirishini qarang bularning. Voy-voy-y!.. Bu nima qilganing?! Yungimni yulib olasa-an!
Tfu-tfu-tfu!..
Yaxshiyam, boshim toshdan-a! Derazani mahkamlab yopishga ulgurdim.
Yaramaslar-ey, hurmat qilishniyam bilishmaydi-ya! Sharmandalik qilib, ustimga tashlanishgani nimasi? Ko’pchilik bo’lmaganingda-ku, ko’rsatib qo’yardim senlarga!
Uf-f! Dunyolariyam qurib ketsin! Uyimdan tinch makon yo’q ekan-a! Xudo bir asradi, bir asradi!
Yo’q-yo’q, men tavbamga tayandim! O’zboshimchaligim, qaysarligim boshimga balo bo’layozdi. Anavi yaramas qushlar ko’zimni moshdek ochdi, ha!
Xo’jayin, xo’jaykajon! Agar yaxshi-yomon gapirgan bo’lsam, kechiringla-ar! Anavi qushlarga ro’baro’ bo’lgandan ko’ra, sizlarning turtkingiz, suvga bo’ktirilgan noningiz, xontaxta ustidan dumalab tushgan uvoqlaringizga jonim fido bo’lsin! Ishoning, bundan buyon aytganingizni qilaman. Sabrli, qanoatli bo’laman. Suvaraklarni ko’rganda burnimni jiyirmayman. Qora pashsha zotiga qiron keltiraman. Sichqonlar esa mening isimni olishlari bilan bu uyni yetti chaqirim naridan aylanib o’tishadi.
Sizlarga cheksiz hurmat bilan Malla mushugingiz.
Olimjon HAYIT