«MODNIY» KUYoV
(hajviya)
«Modniy»degan so’zni boshqacha tushunmang. Ochiqroq aytadigan bo’lsam, meni xotinchalishakan deb o’ylamang. Eshitib qolsam, «Po’kanboy» degan baquvvat oshnam bor, o’shanga aytaman, abjag’ingizni chiqarib qo’yadi. Chunki men buni zamonaviy degan mazmunda aytdim. O’zingizam ko’rib turibsiz, zamon o’zgaryapti. Biz kuyovlar ham sira zamondan orqada qolayotganimiz yo’q. O’sha zamonidan o’zib ketay deyman-u, sal insof qilaman-da! Bo’lmasa…
Keling, yaxshisi, mendek modniy kuyovning ta’rif-u tavsifini eshitib ko’ring, ajabmas sizniyam havasingiz kelib ortimdan ergashsangiz…
Tanishuv
Men xotinjon bilan tanishishda o’ziga xos, to’pori tilda aytganda, tesha tegmagan yo’lni tanlaganman. To’g’ri-da, hamma qilgan ishning siyqasi chiqib ketgan. «Yigit degan hayotda yangi yo’l tanlasa kam bo’lmaydi», degandi bir zamonlar Ko’rqul buvam rahmatli. Xullas, kelin bo’lmishni ko’rishdan oldin uning onasi bilan tanishishga qaror qildim. Axir xalqimizda «onasini ko’rib qizini ol»degan naql bekorga aytilmagan! Ulfatlardan o’sha ayolning ismini, turish-turmushi qanaqaligini aniqlab oldim-u, juda qulay fursatni kutdim. Bilsam, har kuni shomdan keyin bo’lg’usi qaynonajonim quduqqa ikkita chelak ko’tarib chiqarkan. Quduq atrofida it ham yurmaskan. Bundan qulayi bo’lmaydi dedim-u, kiyinib o’sha tomonga yo’l oldim. Uzoqdan qaynonamning turish-turmushini kuzatdim. Ha-a, kelishgangina, dumaloqqina ayol ekan.
«Xayriyat, meniyam xotinim dumaloqqinaykan», deb o’yladim. Nega desangiz, azaldan xotinimning dumaloqdan kelgan bo’lishini orzulardim…
Ana endi asosiy ishga, ya’ni, tekshiruv, sinovga o’tsam ham bo’ladi. Agar qaynonam shu sinovimdan yaxshi o’tsa, qiziga sira qo’rqmasdan uylanvorardim.
Yaxshiyam qaynonam meni tanimasdi, umrida ko’rmagandi. Yo’qsa, bu sinovga yuragim umuman dosh bermaskan…
Asta yaqin bordim. Qaynonam hayron bo’lib yo’g’ongina qaddini tikladi-da, menga g’alati qaradi. Paytdan foydalanib, qaynonamga bir-ikki ko’z qisdim. Hali qorong’i tushmagandi, qaynonam ko’z qisganimni aniq ko’rdi. Ko’rdi-yu, ko’rsatkich barmog’ini boshiga tirab «Jinnimi bu bola?» deganday lab burib qo’ydi. Men bo’lsam, uloqni qo’ldan bermaslik uchun ikkinchi harakatga o’tdim.
— Muncha asalsiz? — dedim ehtiyotkorlik bilan unga yaqinlashib. — Tanisheylu-u, asal!..
Yashirmayman, umrimda yoshi ulug’ ayollarga shilqimlik qilib ko’rmagandim. Hozir ham shu gapni aytishga aytdim-u, ichim dag’-dag’ titrab ketaverdi. Qaynonam esa qo’rquvga yo’l bergisi kelmadimi, bosiqlik bilan suv to’la chelaklarini bir chetga qo’ydi-yu, ikki qo’lini beliga tiradi. Shundan keyingina sal tinchlangandek bo’ldim. Negaki, suv to’la chelakni basharamga otadimi deb o’ylovdim. Xayriyat, bo’lg’usi ikkinchi onam juda farosatli ekan.
— He qirchiningdan qiyilgur! — deya qichqirdi qaynonam tepamga bostirib kelib. — Xudoyo og’zingdan qoning kelgur, onang tengi ayolga shilqimlik qilishga uyalmadingmi? Qaysi axlatxonada tarbiya topgansan o’zi-a? Gapir go’rso’xta! Hozir mahalladagilarni chaqiraman, it! Iloyo traktorning tagida qolgin!..
Darhol rejaning uchinchi bosqichiga o’tdim. Oyog’imni qo’limga oldim-u, orqa-ketimga qaramay qochvordim. Yugurib boryapman-u, hanuz bo’lg’usi qaynonamning qarg’ishi qulog’imni teshay derdi.
— Xudoyo eski zovurning botqog’iga botib o’lgin! Menga gapirgan tilginang uziliblar tushmasa rozimasman!
Ishonavering, uyga kelib birpasda tinchlandim. Yaqin orada meni qurshab olishi lozim bo’lgan baxtim vujud-vujudimni qitiqlab, og’zimning tanobi qochdi. Xayriyat, bo’lajak xotinim sadoqatli, tilli-jag’li ekan. Endi qo’rqmasdan o’zini uyda yolg’iz qoldirib xorijga mardikorchilik qilish uchun ketaversam yarashadi.
Mehrning mag’izi janjalda
O’zini aqlli ko’rsatyapti, demang-u, boshimdan o’tganini aytyapman. Xotin bilan janjal yordamida tillashgan ma’qul ekan. O’shanda bir- biringizga bo’lgan mehringiz oshib-toshib, muhabbatingizga muhabbat qo’shilarkan. Ayniqsa, janjalni rashkka qorishtirsangiz, maza bo’larkan. Bizam xotinjon bilan hatto telefon orqali janjal yordamida tillashamiz.
— Hozir qaydasan? — telefon orqali qo’ng’iroq qilib so’rayman xotinimdan.
— Katta xolamnikida! — darhol javob qaytaradi u. Shu zahoti betimdan qon qochib, aftim burishadi.
— Katta xolangning katta o’g’liyam yoningdadir? — so’rayman baqirib. — Nuqul senga tirjayib muqom qilayotgandir-a?
— Albatta, — deydi xotinim tap tortmay. — Sizdaqalar Marusaxonlarga tirjayib yursa yarashadi-yu, bizga tirjayishsa yarashmaydimi?..
— He enangni…
— Enamga til tekkizma! Enam dumingni bosvoldimi, kaltakesak?
— Men kaltakesak bo’lsam, sen zaharli ilonsan!..
Ko’ribsizki, janjalning haqiqiysi shundan keyin boshlanadi.
Ammo telefon o’chirilgandan so’ng men go’yo kayf qila boshlayman. Axir, xotinjonimning uyoqlarda menga xiyonat qilmayotganiga, vafodorligiga guvoh bo’ldim! Fe’lini bilaman. Onasiga tortgan. Haq bo’lsa, qarg’anadi, baqiradi, ayuhannos soladi. Qolaversa, bu taxlit so’zlashuvlar ikkalamizningam qonimizga singib ketgan…
Xudoga shukr! Shunday xotinga yo’liqtirganiga shukr!
Do’stim hisobidan…
Anchadan beri qaynonamga o’zimni oilaparvar, ro’zg’orbop, kamxarj qilib ko’rsatolmay xunob edim. Uyali aloqa kompaniyasidagilar «Do’stim hisobidan» tarifini o’ylab topishdi-yu, kunim tug’di. O’zingiz o’ylang, qaynonaning do’stdan qaeri kam? Shu tarifdan foydalansam, yarashadimi-yo’qmi?
Nima bo’lsa bo’lar dedim-u, xotin bilan janjallashib kayf qilgan chog’larimda qaynonamga do’stim hisobidan qo’ng’iroq qiladigan bo’ldim. Kuyovining qanchalar kamxarjligi, uyim-joyim deydigan erkak ekanini bir ko’rib qo’ysin dedim…
Avvaliga bir-ikki marta go’shakni ko’tardi. Lokigin uyam ayyorlik qilishga o’tdi. Soatlab go’shakni ko’tarmaydigan odat chiqardi. Chidadim, bardosh qildim, raqamini teraverdim, teraverdim…
Nolimayman, qaynonam menga do’st ekan. Ahyon-ahyonda bo’lsayam go’shakni ko’tarib turibdi.
Bildingizmi, men ana shunaqa modniy kuyovlardanman. O’rganing!
Hormasboy TOLMASBOYEV