“PROFESSIONAL”
(hajviya)
Teatrlardan birida juda iste’dodli aktyor ishlardi. Ammo ichkilik desa o’zini tomdan tashlardi. Kunlarning birida rahbar uni chaqirib masalani ko’ndalang qo’ydi.
— Tamom, yana biror spektaklda ichvolib o’ynasang, o’zing arizangni yozib kelaver!
— «To’g’ri aytayapti boshliq. — o’yladi aktyor. — Shu yaramas ichkilikni tashlamasam bo’lmaydi shekilli…»
Afsuski, Yangi yil arafasida konsertlar ko’paygandan-ko’paydi. Cho’ntak pulga to’ldi deganday…
— «Bugun 27 dekabr. — ko’nglidan o’tkazdi aktyor. — Spektakl esa, 3 yanvarda bo’ladi. E, ichmasam bo’lmaydi. Ungacha o’zimga kelvolaman…»
Xullas, yana ichkilik boshlandi…
O’rnidan turib kalendarga qarasa, to’rtinchi yanvar ekan.
— Oh, — dedi u boshini changallab. — Spektakl qolib ketibdi-ku!.. Rasvo bo’ldim!..
Yuvinib, stol qarshisiga o’tirdi-da, ishdan ketish haqida ariza yozib teatrga yo’l oldi.
Ichkariga kirsa, hamkasblar nimanidir astoydil tomosha qilishayapti.
— Spektakl qanday o’tdi? — so’radi ulardan.
— Juda yaxshi o’tdi.
— Mening o’rnimga Dzerjinskiyni kim o’ynadi?
Hamkasblar unga hayron bo’lib tikilib qolishdi.
— O’zing o’ynading-ku!
Olimjon HAYIT tayyorladi
loading…