***
Beshinchi sinfda o’qiydigan bola qo’l telefonidan sinfdoshiga qo’ng’iroq qildi.
— Biznikiga kel, shaxmat o’ynaymiz!
— Ilojim yo’q. Men bandman.
— Nima qilyapsan?
— Meni jazolashdi, burchakda turibman.
***
Engiltabiat ayol o’ynashi uyiga kirishi bilan dedi:
— Azizim, men homiladorga o’xshayman. Bola kimdanligini bilmadim-u, ammo sizni ko’rsam ko’nglim ag’darilib ketyapti.
***
Qiz gazetaga e’lon berdi:
“Sehrgar erkakni izlayapman. Ertakchilar bezovta qilishmasin!”
***
Er ishga ketayotib xotinidan so’radi:
— Azizam, bugun qaysi paypog’imni kiysam ekan-a? Toza-yu, yirtilganinimi, kirlangan-u yirtilmaganinimi?
***
Er xotiniga dedi:
— Bugun ovqat tayyorlab qo’ygin, ishxonamdagi do’stlarim kelishadi!
— Xo’p, ovqatni do’stlaringiz yana qaytib keladigan qilib tayyorlaymi, yo qaytib qorasini ko’rsatmaydigan qilib tayyorlaymi?
***
Yaqin do’sti yigitdan so’radi:
— Xo’sh, shaytonning yo’liga kirmay qo’ydingmi? Shaytoni lainni haydab soldingmi?
— Ilojim yo’q, do’stim, axir u bilan oramizda uch farzand bor!
***
Xotin eriga dedi:
— To’ygacha sovg’a-salomlarga ko’mib tashlagandingiz. Mana, to’y ham o’tdi, nega sovg’a berishni to’xtatdingiz?
— Xotin, sen baliqchi baliqni tutgach, qarmoqqa yana chuvalchang ilganini ko’rganmisan?
***
Yigit sevgilisiga SMS xabari yozyapti:
— Jonim, sen uchun butun boshli okeanning u sohilidan bu sohiligacha dam olmasdan suzib o’tishga, tog’larni tolqon qilishga, osmondagi oyni tutib qo’lingga tutqazishga ham tayyorman!
— Voy, unda tezroq kela qoling menikiga, azizim!
— Bo’pti, tashqarida jala quyyapti, tinsin, yetib boraman.
***
Vrach bemorga dedi:
— Manavi tabletkaning ikki donasini kechqurun yotishdan oldin ichasiz. Agar ertalab uyg’onsangiz, yana ikkitasini ichib oling!
***
Muallima beshinchi sinf o’quvchisidan so’radi:
— Tasavvur qil, kissangda 1000 so’m puling bor. Sen dadangdan yana 1000 so’m so’rading. Hammasi bo’lib kissangda necha pul bo’ladi?
— 1000 so’m.
— Obbo, sen-chi, Qo’shmat, matematikani umuman bilmaysan!
— Ustoz, siz mening dadamni bilmaysiz.