BI-IR KULIShMAYMIZMI?..

 

 

«AQLLI» GADJETLAR

 

(hajviya)

 

Aziz do’stim, bilasiz, hozirgi texnika rivojlangan bir paytda ixtirochi ham, tadbirkor ham ko’payib ketgan. Ular yetti uxlab tushingizda ko’rmagan matohlarni yaratib tashlashmoqda. Ammo men ham ulardan sira qolishmayman. Men ham texnika taraqqiyotidan foydalanib yangi ixtirolarga qo’l urdim. Ammo mening ixtirolarim boshqalarnikidan butkul farq qiladi. Ular juda foydali va foydalansangiz sira afsuslanmaysiz. Mabodo qiziqayotgan bo’lsangiz, yoshlarimiz qarg’ab tashlashmasa, fursatdan foydalanib men ham o’z gadjetlarimni reklama qilmoqchiydim. Ha-a, shunaqami? Yoshlar ham qiziqisharkanmi? Voy, qanday yaxshi! Unda shoshila qolay, aynib qolmasingizdan matohlarimni reklama qilvolay bo’lmasa…

Bugungi kunda men ham zamondan orqada qolmaslikka harakat qilyapman. Masalan, yangi paydo bo’lgan «gadjet» atamasini chuqur tahlil qildim. Bildimki, men yaratgan matohlar ayni o’sha «gadjet» atamasiga mos tusharkan. Demak, shaxsan o’z qo’llarim, mana shu miyam bilan yaratgan gadjetlarim ro’yxatini e’lon qilaman.

1. Chekish qanchalar salomatlikka ziyon ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Shuning uchun «aqlli elektron sigaretlar» gadjetini yaratdim. Bu gadjet internetga ulangan bo’lib, siz videoaloqa yordamida og’ayningizning elektron sigaretidan o’zingiznikini tutatib olishingiz mumkin. Bunga to’liq «garantiya» bor. Qoldig’ini esa yana shu internetdagi «Kladbiщe. ru» saytida qoldirasiz.

2. Yolg’iz erkaklar uchun «Robot dardkash» gadjeti. U sizga ayollarning erkak kishi uchun qanchalar zararli ekanini aytib ko’nglingizni tinchlantiradi. Uning hikoyalarini eshitgandan keyin umuman ayollar haqida xayol surmay qo’yasiz.

3. «Aqlli fotoshopli ko’zgu» gadjeti. Nimayam qilardingiz? Erkakchilik-da! Kechasi choyxonada keragidan ortiq ulfatchilik qilib yuborsangiz, bu fotoshopli ko’zgu gadjeti ertalab basharingizni sal odambashara qilib ko’rsatib, sizga iliq kayfiyat baxsh etadi.

4. »Aqlli katmon» gadjeti. Pulingiz tugay boshlasa, katmondan avtomat tarzda «Ishon, jonim, men ham juda afsusdaman», degan ashula yangray boshlaydi.

5. Aqlli va barmoq uchini yorituvchi chiroqcha o’rnatilgan skotch. Bilasiz, skotchni ochish qanchalar muammo tug’diradi. Ayniqsa, kechasi. «Aqlli skotch» gadjeti sizga qorong’i kechalarda yaqindan yordam beradi.

6. Ota-onalar uchun «Aqlli kamar» gadjeti. U maktabda o’qiydigan farzandingizning kundalik daftarini shaxsan nazorat qilib boradi.

7. «Aqlli bolg’a» gadjeti. Basharti bolg’ani qo’lingizga urib olsangiz, baland ovozda sizning o’rningizga so’kina boshlaydi.

8. Oilali erkaklar uchun «Aqlli-smart bo’yinbog’» gadjeti. Xudo ko’rsatmasin, rasman nikohingizda bo’lmagan ayolning qo’lini bilmasdan ushlab qo’ysangiz ham sizni avtomat tarzda bo’g’a boshlaydi.

9. Kalitlar uchun «Aqlli ilgichlar» gadjeti. Tasavvur qiling, kechasi qaerdandir keldingiz-u, uy kalitini qaysi cho’ntakka solganingiz yodingizdan ko’tarildi. Kalit qidira boshlaganingizda aqlli ilgichlar «Bratan, biz bu yerdamiz!», deb baqiradi.

10. Erkak va ayollar uchun «Aqlli ich-kiyimlar» gadjeti. Bu ich kiyimlarni kiysangiz ham, yechsangiz ham oldindan login-parol so’raydi. Basharti ularga begona qo’l tegsa, avtomat tarzda barmoq izlarini olib xotirasiga saqlab qo’yadi.

11. «Aqlli muzlatkich» gadjeti. Ozishni istagan, parhezda o’tirgan ayol kechqurun soat 7: 00 dan keyin muzlatkichga yaqinlashsa, avtomat tarzda uni «Yo’qol bu yerdan! He sigirga o’xshab semirmay o’l!», deb qarg’ay boshlaydi. Ayol bu qarg’ishlarga quloq tutmay, muzlatkich eshigini ochganda ham baribir foydasi yo’q. Muzlatkich ichkaridagi yeguliklarni paqqos tushirib qo’ygan bo’ladi.

12. Internet ishqibozlari uchun «Aqlli skovorodka» gadjeti. Uni gazga qo’ygansiz, ammo unutdingiz deylik. Ichidagi qovurilayotgan ovqat kuyish arafasida aqlli skovorodka avtomat tarzda internetni o’chirib qo’yadi.

13. «Aqlli etik» gadjeti. Erkakchilik-da, kechqurun og’aynilar bilan choyxonada keragidan ortiq ulfatchilik qilib yuborsangiz, aqlli etik sizga asqotadi. Uning o’zi sizni to’g’ri uyingizga yetaklab keladi.

Omon bo’ling!

Olimjon HAYIT tayyorladi

 

BI-IR KULIShMAYMIZMI?..BI-IR KULIShMAYMIZMI?..BI-IR KULIShMAYMIZMI?..