BI-IR KULIShMAYMIZMI?..

 

 

AYG’IR

(hajviya)

Menga aql o’rgatmang!

 

Odamlar «falonchi so’rashmay o’tib ketdi-ya! Ot ustida-da!», deganlarini eshitgansiz. Ma’nisini bilasizmi? Negaki, otning obro’si bor. Yolining o’zi dunyoni so’rayman deydi. Uzun dumini-ku, aytmay qo’ya qolay. Ammo goho alam qiladi. Butun umringni qora terga botib kechirasan, yelasan, yugurasan, zil-zambil aravalarni tortib ko’cha kezasan. Xo’jayinning ko’ngli uchun ko’pkariga borib katta-kichik, oriq-semiz otlar orasidan uloqni olib chiqasan. Egang qo’shnisiga «Mana, bizning ayg’ir zo’r qazi bo’ladigan xilidan! Bunaqasi falonchidayam yo’q» deya maqtanganlarini tek turib eshitasan. Bo’y yigitlar sevgan qizining oldida xijolatga qolmasin deb, odam qarasa do’ppisi boshidan tushib ketar darajada baland cho’qqilarga, qirlarga bir nafasda chopib chiqasan. Eshaklar kuch-g’ayratingni ko’rib mulzamlikdan bosh egishadi. Xo’jayinning o’g’li ahyon-ahyonda tezligingni tekshirmoqchi bo’ladi. Yaylovda turib imtihondan o’tasan. Baqiradi. Bu hayqiriqniyam so’zsiz ilg’ashing shart. «Kishna» demoqchi bo’lganini anglaysan-da, ikki oyog’ingni baland ko’targancha kishnayverasan. Kishnamay qaergayam borarding? Xo’jayin, baribir xo’jayin-da! Mukofoti-chi? Qurigan beda yoki poxol, shunga qo’shimcha, boya aytganim obro’ bo’ladi. Beda va poxol oxuringda qalashib yotganini ko’rasan-u, tosh qotasan. Alam zo’r kelib o’sha yemishlarni kavshana-kavshana chaynaysan. Egang bo’lsa, sen bor o’chingni qurigan bedadan olayotganingda, kimgadir senga bergan mukofotini maqtay boshlaydi. Uniyam eshitasan. Faqat, qarshi so’z ayta olmaysan. Sababi, shu mukofotdanam quruq qolishing mumkinligini bilasan. «Axir, ba’zi ayg’irlarning xo’jayiniga o’xshab hadeganda kaltaklamaydi, yemsiz qo’ymaydi!» deysan-u, tilingni tiyasan.

 

Xato

 

Menam ja farishtamasman. Ba’zida xato qilib turaman. Oxirgi xatom hammasidan oshib tushayozdi. Xo’jayin bo’lsa-ku, indamasdi. Kulib qo’ya qolardi. Xotinchasidan qatttiq turtki yedim. Axir, alam qiladi-da! Har kuni meni og’ilxonadan olib chiqib tomorqaga boylashadi. Ayvonda televizor turibdi. Tomorqadan kaftday ko’rinib turadi. Xo’jayka xudoning bergan kuni ertalab televizorga tikilgani tikilgan. Ovoziniyam varanglatib qo’yadi. Koreysmi-ey, yaponmi-ey, ishqilib shularning serialini ko’rarmish. Shunchalik qiziqmikan deb bir-ikki mo’ralab ham ko’rdim. Qayoqda? Qanaqadir pakana, ko’zlari qisiqroq, mayda qadam erkaklar bir-birini qilich olib quvarkan. Orqalaridan o’zlaridanam pakana xotinlari nimalardir deb shang’illashadi. Xullas, erkak qilich ko’tarib chopadi, ayol shang’illashdan tiyilmaydi. Jonimga tegib ketdi. Chidolmadim. Ha endi erkak o’z o’rnida qolishi kerakmi-yo’qmi? Qo’lingda qilich turibdi, xotin qurib ketkur shang’illaganda, bir sermab qo’y, qo’rqmasmikan?!. Qo’rqadi! Tili tortishib, ikkinchi marta shang’illab seni behurmat qilmaydigan bo’ladi. Mana, mening biyalarimdan birontasi orqamdan bemavrid kishnab ko’rsin, nima qilarkanman! Yumshoq yeriga bir tepama-an, eshakning kuniga tushib qoladi.

Gapning indallosi, o’sha kuni qulog’im qomatga keldi. Ko’zi qisiq xotinlarning shang’illayverishi asabimni buzib kishnavoribman-da! Qoldim baloga! Xo’jayka tura solib qo’liga kattakon ketmonni oldi. Qarasam, rostakamiga savalaydigan!.. Ura qochdim-a! Azbaroyi qo’rqib ketganimdan, arqonni teng yarmidan uzib qochibman. To’g’ri-da, sizam o’sha ketmondan belingiz aralash bir tatib ko’ring, bilasiz! O’sha-o’sha xo’jaykani ko’rsam tilimni tiyaman. Serialdagi xotinlar shang’illab nervimni buzsa, pashsha qo’rigan bo’lib boshimni silkita-silkita o’zimni chalg’itaman! Lokigin, men tarafga chopib kelayotib «He hangramay o’l! Og’zingdan qoning kelsin!», deb qarg’agani haligacha alam qiladi. To’g’ri, bir kun tug’ilmoq, bir kun o’lmoq. Nolimayman, ketimda qoladigan toychoqlarim ko’p. Go’shtga tortilib, qaysidir okaxonning ayvonida qazilarim osilib tursa, xafa bo’lmasdim. «Hangrash» degan so’z farosatimni faqirlashtirayozdi-da! Bir necha soatgacha «o’zi ayg’irmanmi, eshakmanmi?» deb ich-etimni yedim.

Ayg’irning muhabbati

 

Biz ayg’irlarning boshqa jonivorlardan farqimiz shundaki, muhabbat bobida o’ta mag’rurmiz. Did qurmag’ur ja nozik. Biyaniyam injiqlik bilan tanlaymiz. Tanlasag-u, shaytonning yo’rig’iga kirib xiyonat qilib qo’ysa, kechira olmaymiz. O’sha xiyonatkor biya hayotda yonimizga yaqinlasha olmay o’lib ketadi.

To’g’ri, erkak qirchillab kuchga to’lgan mahal yaxshisiyam, yomoniyam unga ko’z suzib ko’raveradi. Masalan, mengayam biyalar uyoqda qolib, hatto eshakoylaram ko’z suzishgan. Ammo men ularga shundoq qaraganman-u, «Xonim, xafa bo’lmang-u, siz mening vkusimga vaabщe to’g’ri kelmaysiz! Ayol degan sal o’ziga qarab yuradi-da!» deb tanbeh berganman. Kim bilsin? Balki xafa bo’lishgandir? Afsuski, men gigienaga amal qiladigan ayollarni sevaman.

Yaylovda

 

Asl hayotni ko’rmoqchi bo’lsangiz, yaylovga chiqing. Bu yer naq sayilga aylanadi. Pashshadan tortib qumursqagacha, sigir-buzoqdan tortib, qo’y-echkigacha shu yerda. Faqat bu yerdayam nervim buzilaveradi. Farosatsiz jonivorlarga qarab turib, azbaroyi jahlim chiqqanidan, kutilmaganda chopa boshlayman. Qaniydi, oyog’imga arqon boylamagan bo’lishsa, boshimni olib uzoqlarga ketib qolardim…

Qarang, anavi ho’tikni ko’ring. Ustiga olaqanotlar o’tirib olibdi. Miq etmaydi-ya!

Qo’y-echkilarni-ku, aytmay qo’ya qolay. Hammayoqni ifloslantirib tashlaganlari yetmay, ma’ragani-ma’ragan. Nima yetmaydi o’zi bularga? Yaylov to’la o’t-o’lan bo’lsa! Tilni tiyi-ib rizqini terib yeyavermaydimi? O’zi-chi, jonivor degani maydalashgani sari noshukr bo’lib boraverarkan!

 

To’yona

 

Bugun biznikida katta to’y. Xo’jayinning qizi to’ng’ich o’g’liga sunnat to’yi qilyapti ekan. To’y bahona meniyam so’fi azon chaqirmay uyg’otib yuborishdi. Biroq sira afsuslanganim yo’q. Qatorga kirganimdan, shunday obro’ga ega bo’lganimdan quvondim. Chunki to’ng’ich toychog’imni xo’jayin nevarasiga to’yona qilib olib borarkan. Xursand bo’lganimdan ko’zlarimga yosh keldi. Nahotki, menam kap-katta erkak bo’lib, toychog’imni to’yonalarga tortiq qilsam? Toychoqqinam xo’jayinning erkatoy nevarasini mindirib irg’ishlasa, quvonchdan yuragim yorilib ketmasmikan? Eh, qaniydi toychog’imning shu yaxshi kunlarini biya onasi ko’rsa!.. Bechora erta o’lib ketdi. Toychog’ining orzu-havasini ko’rolmadi. Mayli, iloyim yaxshi odamlarning ayvoniga qazi bo’lib tortilsin!.. Yo’q, yig’lamayman, yig’lamayman! Axir, biz ayg’irlar mag’rurmiz! Omon bo’ling! Sizam albatta to’yimizga o’ting! Yangi so’yilgan ayg’ir go’shti bilan mehmon qilishadi!

Olimjon HAYIT