ZAMONAVIY GAZETA
(hajviya)
— Janob muharrirlar! Men sizlarni bu yerga yig’ishimdan maqsad, gazetamizni juda kam odam sotib olyapti keyingi paytda. Ana shuni sizlar bilan birgalikda hal qilmoqchiman. Gapni «Jinoyatchilik» bo’limidan boshlaymiz. Janoblar, men kelasi haftada sodir bo’lishi kerak bo’lgan hisobotlaringizni o’qib chiqdim. Bor-yo’g’i 700 ta jinoyat xolosmi? Kam-ku bu! Menga aniq hisob beringlar. Nechta odam bezorilar qo’lida, nechtasi tanishlar qo’lida o’ldi, nechtasini rashkchi erlar bolta bilan chopib tashladi… Nima, rashkchi erlar yo’q?.. Men bilmayman. Toping! Topolmasangiz, o’zingizga qarashli odamlarni o’zingiz chopib tashlang!.. Ha, odamlarni qo’rqitish kerak, bildingizmi, shunday qo’rqitish kerakki…
Xo’sh, «Zo’rlash» bo’limida nima gap?.. Bir haftada atigi to’rtta ayolni zo’rlashganmi?.. Vey, sizlar o’zi nima bilan bandsizlar-a? Dushanbagacha 50 ta zo’rlash bo’yicha maqola topshirmasangiz ko’zimga ko’rinmang! Bilaman, sizlar ikki kishisizlar xolos. Lekin yosh, navqiron yigitsiz-ku! Kechalari bilan ishlamaysizmi?!.
Endi navbat «Manyak» bo’limiga. Nimaga gazetadagi manyagingiz juda bo’sh. Yana bir oyda faqat ikki odamnigina bo’g’ib o’ldiribdi. Yo’q, bu manyakmas. Bu mayda bezorilikka kiradi. Menga bugungi kun manyagini bering! Masalan, butun boshli poezddagilarni mashinistga qo’shib bo’g’sin. O’sha manyakning suratini bering! Surat shu qadar qo’rqinchli bo’lishi lozimki… Mayli, mabodo qo’rqinchli surat topolmasangiz, ana, hisobchimizning suratini qo’yvoring! Basharasi hatto filni hurkitadi. Axir, zamonaviylikka o’rganinglar-da!..
Keyingi masala. Mana, boshqa gazetalardagi maqolalarga bir ko’z yugurtiraylik. Qo’li bor delfin haqidagi maqola. Delfin cho’kayotganlarni qutqararmish, odamlarga musht o’qtalib qocharmish… Bu shov-shuvning o’zi-ku!
Yo bo’lmasa, chegarachini yeb qo’ygan pashsha haqidagi maqola. Vey, ana shunaqa materiallarni topish kerak.
Yosh ayollarga maslahatlar ruknini ochinglar. O’shalar ham sotib olishsin gazetamizni. E, hozir ayol kishiga maslahat degani hech qaerga sig’maydi. Ishonasizlarmi, sizlarga misol keltiray. Erni o’z yo’liga yurg’azish uchun ayol sigaret tutunini unga hidlatishi lozim ekan. Ana sizga maslahat!..
Ha, aytgancha, Verochka, siz mening uyimga qo’ng’iroq qilib aytingki, gazetamiz bolalarimning qo’liga tushib qolmasin! Chunki, ularning bolaligi xuddi o’zimnikiga o’xshab baxtli kechishini istayman. Xayr janoblar!
Olimjon HAYIT tayyorladi