Ispaniya qirollik oilasi vakillaridan biri bo’lgan qirolicha Letitsiya o’ziga xos kiyinish uslubiga ega ekani hamda sarvqomatligi bilan barchani lol qoldiradi. U 48 yoshda ekaniga qaramay, qanday qilib qomatini go’zal saqlab qolishga erishgani haqida ma’lumot berib o’tamiz.
Ma’lum qilinishicha, qirol Filipp VI rafiqasi sport shaydosi — u har kuni kompleks jismoniy mashqlar bajaradi, ko’p piyoda yuradi. Shuningdek, yoga va kuchli mashqlar bilan shug’ullanishni ham kanda qilmaydi.
«Qirolicha Letitsiya unga qomatini mukammal saqlashiga yordam beradigan ma’lum tartibga amal qiladi. U kuch sarflashni talab qiladigan mashqlar, piyoda yurish va yoga bilan shug’ullanishni almashtirgan holda bajaradi», — degan uning oilasiga yaqin manba.
Mazkur so’zlarni tasdiqlagan qirolichaning shaxsiy treneri Xose Ignasio Ernandes-Koronado bunday qomatga mashqlar bajaribgina erishish mumkinligini qo’shimcha qilgan. «Haftada uch marta u qo’l mushaklari ustida ishlaydi — qo’llarni mustahkamlash kuch va sabr talab qiladi. Ammo qirolicha Letitsiya buni a’lo darajada uddalaydi. U kamdan kam hollarda rejimni buzadi, barcha tavsiyalarni puxta bajaradi», — degan Xose. Qolaversa, Sarsuel saroyida faoliyat yuritadigan xodimlardan biri qirolicha kun tartibiga qat’iy ravishda rioya qilishi, bir vaqtda uyquga yotib, yana bir vaqtda uyg’onishini, aniqrog’i, soatlab jismoniy faollikka amal qilishini ta’kidlagan.
«U erta, taxminan soat yettilarda uyg’onadi va saroy hovlisida yuguradi. Shuningdek, treneri u uchun maxsus mashg’ulotlar rejasini ishlab chiqqan. Unga ko’ra, og’ir va kardiomashqlar almashgan holda bajariladi. Qirolicha avvalroq boks bilan shug’ullangan».
Ammo istalgan mashg’ulotlar ovqatlanish tartibiga amal qilingandagina samara beradi. Qirollik oilasiga yaqin manbalarning gapidan kelib chiqib xulosa qilinsa, qirolicha Letitsiya buni juda yaxshi biladi. Qirol Filippning rafiqasi O’rta Yer dengizi parheziga amal qiladi va tarkibida shakar bo’lgan mahsulotlar iste’molidan tiyiladi.
«Baliq, tovuq, shuningdek, ba’zi sabzavotlar tarkibidagi oqsil mushaklar uchun muhim sanaladi. Shu sabab ham u oqsilga boy mahsulotlarni iste’mol qilishga alohida e’tibor qaratadi», — degan Xose.
Bundan tashqari, qirolicha Letitsiya yallig’lanishni kamaytiradigan va qarishga qarshi xususiyatga ega bo’lgan mahsulotlarni iste’mol qilishdan iborat Perrikone parheziga ham amal qilib turadi.