Ko’z atrofidagi terining tuzilishi sabab birinchi ajinlar aynan shu yerda ko’zga tashlanadi. Nafaqat yoshdagi o’zgarishlar, balki yuz mushaklarining faoliyati bilan bog’liq bo’lgan ajinlarning paydo bo’lishini oldini oladigan hamda bartaraf qiladigan tavsiyalarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Mimika va turmush tarzi
Ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladigan va ko’zlarni ortiqcha pirpirashini oldini oladigan quyoshdan himoya qiluvchi ko’zoynaklardan foydalaning. Toza havoda ko’proq sayr qilishga harakat qiling, bu D vitaminining ishlab chiqarilishi, organizmni kislorod bilan to’yishiga, shuningdek, immunitet mustahkamlanib, teri ahvoli yaxshilanishiga hissa qo’shadi.
Surunkali ravishda tiniqib uxlamaslik eng avval tashqi ko’rinishda aks etadi. Ko’z ostida qora halqalar paydo bo’ladi, terining taranglik va elastikligi yo’qoladi, ajinlar ko’payadi. Shu sabab ham uyqu me’yorda bo’lishiga e’tibor bering, dam olishni unutmang.
Ovqatlanish
Etarlicha suv iste’mol qilib, ratsioningiz balansli bo’lishiga e’tibor qarating. Yosh o’tishi bilan omega-3 yog’ kislotasi va D3 vitamini sintezi kamaygani sabab idrolizlangan kollagenni qabul qilish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Kosmetika
Ko’z atrofidagi terini parvarishlaydigan vositalardan foydalanishni 18-20 yoshdan boshlash tavsiya qilinadi. Tanlovda yoshni inobatga olish, ishlatish vaqtini hisobga olish, shuningdek, uyqudan avval surtiladigan namlantiruvchi, oziqlantiruvchi krem yoki gellar tongda yuzni shishirishi mumkinligini unutmaslik kerak. Tunda yaxshisi limfodrenajli samara beradigan vositalardan foydalangan yaxshi. SPF kremlardan ham foydalanishni unutmang. Gialuron kislota, mikrokollagen, retinol, A, E, C va argilerin ko’z atrofidagi ajinlarni bartaraf qilishga yordam beradigan komponentlar hisoblanadi.
Kosmetologik muolajalar
Qanday kosmetik muolajalar ko’z atrofidagi ajinlarni to’g’rilashga hissa qo’shishi haqida ma’lumot berib o’tamiz.
Botulotoksin in’yeksiyasi
Kosmetologiyada ushbu muolajadan mimika ajinlarini tekislash va ko’z atrofidagi mushaklardagi zo’riqishlarni bartaraf qilish uchun foydalaniladi. Botulotolsindan keyin yuzdagi mushaklar faolligi kamaygani hisobiga ajinlar unchalik ko’zga tashlanmaydi.
Mezoterapiya
Mezoterapiya — gialuron kislota, peptidlar, kollagen va boshqa mikroelementlarni o’z ichiga olgan preparatning teri orasiga yuborilishi hisoblanadi. Undan keyin teri taranglashadi, tonusi ortadi.
Limfodrenaj
Mikrotokli limfodrenaj — shish va ajinlarni bartaraf qilishda yaxshi samara beradigan eng yaxshi muolajalardan sanaladi. Jarayonda past kuchlanishli tokning turli chastotali impulsi teriga yengil ta’sir qiladi, natijada yuz mushaklarining tonusi tiklanadi, qon aylanishi yaxshilanadi. Shuningdek, limfodrenaj kollagen va elastin ishlab chiqarilishini ham rag’batlantiradi.
Lifting
Ultrato’lqinli apparat bilan dermaning chuqur qatlami va biriktiruvchi mushaklarga ta’sir qiladi. Ma’lumki, yosh o’tishi bilan mushaklar va zaiflashadi va bu yuz konturida ham aks etmay qolmaydi. Muolajada yog’ kollagen tolalari ta’sirlangani va yog’ hujayralari qisqargani hisobiga teri sezilarli darajada taranglashadi. Lifting bugungi kunda jarrohlik yo’li bilan terini taranglashtirishga xavfsiz muqobil bo’la oladi. Xavfsizligi va tiklanish uchun vaqt ketmasligi bilan o’ziga xos sanaladi.