Biz tanovul qilayotgan yeguliklarimiz orqali qabul qiluvchi quvvatni kun davomida sarf etib urgurmaymiz. Fitnes esa ana shu kaloriyalarni tezroq yo‘qotishga ko‘mak beradi. Biroq mashqlar ishtahangizni avvalgidan yaxshilab yuborsa aslo ajablanmang.
Organizm ham sarflangan kaloriyalar o‘rnini to‘ldirishingizni talab etadi-da! Amerika sport tibbiyoti kolleji ma’lumotlariga ko‘ra fitnes yordamida oza olmayotganlarning 80 % i yuqori kaloriyali taom iste’mol qilishadi. Shunday ekan birgina fitnesning o‘ziga ishonib qolmay, taomnomangizdan yog‘li, shirin yeguliklarlar, gamburgeru konservantlarni mutlaqo olib tashlang. To‘g‘ri, issiqqina palovu mazali lavashlardan voz kechish oson ish emas, ammo har vaqt ishtahaning so‘ziga quloq solavermaysiz-ku!
“Men ko‘p mashq qildim, endi nima yesam ham zarari yo‘q” deb o‘ylashga shoshilmang. Kam-kamdan tez-tez tanovul qiling, sabzavot va mevalardan huzur oling.
Tezroq ozaman deya haddan ortiq ko‘p mashq qilish, buning natijasida qattiq toliqib, biroz vaqt o‘tmay mashq qilishni tashlab yuboridigan ayollar ham oramizda yo‘q emas. Unutmangki, haddan ortiq og‘ir, shu bilan bir qatorda o‘ta yengil mashqlar ham sizni o‘zingiz istagan maqsad tomon yetaklolmaydi.
Fitnes bilan shug‘ullanish davomida muntazam ravishda tana o‘lchamlaringizni qayd qilib boring. Fitnes murabbiylari mashg‘ulotlarni kuniga bir soatdan o‘tkazishni tavsiya etishadi. Ammo fitnes bilan shug‘ullanib bo‘lgach ham piyoda yurish, ko‘proq harakatlanishga urinishingiz kerak. Aks holda mashqlar natijasi ko‘zga tashlanmaydi.
Amerikalik olimlar 5000 kishidan iborat ozishga qaror qilgan insonlarni 7 yil davomida o‘rgandilar. Birinchi yillarda o‘rtacha 27 kg vazn tashlagan insonlarning deyarli har biri keyingi yillarda ham ana shu natijani saqlab qoldilar. Ularning har biri kuniga 1 soatdan turli-tuman mashqlar (engil yoga, yugurish va hokazo) ni bajarib kelishgan. Muntazam shug‘ullanish fitnesda o‘ta muhim tushuncha. Biroz vazn tashlagach,mashqlarni tashlab qo‘ysangiz, qomatingiz avvalgi holatini qayta tiklab olaveradi.
Faraz qiling, biroz to‘lishgan xonim ozishni istab fitnes zalida obdon shug‘ullandi. Mashqlar 6-7 kun tinimsiz davom etdi, tezroq ozish fikri esa 1soat emas 3-4 soat mashq qilishga undayverdi. Natijada olingan jarohatlar sabab kuch yig‘ib olish uchun haftalab vaqt kerak bo‘ladi. Shunday qilib mashg‘ulotlar doimiyligiga putur yetadi. Shu sabab haqiqatga tik boqqan holda ko‘proq shug‘ullanganingiz bilan tezroq ozib qolmasligingizni tushunib oling. Me’yorni saqlab turing, ish kunlari biroz yengilroq, dam olish kunlari esa murakkabroq mashqlarni bajaring. Muhimi yodda tuting, chin dildan istasangiz, o‘zingiz ko‘zlagan natijaga albatta erishasiz!