Sport bilan shug‘ullanish turli kasalliklar uchun o‘ziga hos profilaktika vazifasini o‘taydi, bu esa sport mashg‘ulotlariga butun oilangizni jalb qilgan tarzda shug‘ullanish uchun yetarli sabab bizningcha.
Quyidagi tavsiyalar oilaviy mashg‘ulotlar davomida sizga juda qo‘l keladi.
1. Jadval tuzing!
Har dushanba yangi hafta uchun maxsus sport jadvali tuzing va kimning qo‘shimcha darsi, kimning ish bo‘yicha uchrashuvi bor ekanligini hisobga olib, ma’lum bir bo‘sh vaqtni toping-da mashg‘ulotni aynan o‘sha pallaga moslab yozib qo‘ying.
2. Sport turlarini almashtirib turing!
Sport turlarini har oy almashtirib turish mashg‘ulotlarning zerikarli bo‘lib qolmasligini ta’minlash bilan birga tananing turli sohalarini navbatma-navbat chiniqtiradi. Shuningdek, faqatgina bir taraf bilan cheklanib qolmay, sportning turli sohalarida o‘zingizni sinab ko‘rish uchun imkoningiz paydo bo‘ladi.
3. Yutuqlar uchun daftar tuting!
Ushbu daftardan oilaning har bir a’zosi uchun maxsus bo‘lim ajrating va erishilgan yutuqlarni birma-bir yozib boring. Yil so‘ngida necha kilo vazndan qutulganingiz yoki farzandingizning umurtqa pog‘onasi qay darajada yaxshilanganini aniq ko‘rsatkichlar orqali hisoblash osonroq, to‘g‘rimi?
4. Barcha uchun ko‘makchi bo‘ling!
Oila a’zolaringizning har biri uchun munosib bo‘lgan sport turini tanlab bering, bu boradagi asosiy tamoyillar bilan ularni tanishtiring. Qizingizning qay bir sport turiga, o‘g‘lingizning qaysi sohaga qiziqishini sinchkovlik bilan kuzating. Qizalog‘ingiz nafis harakatlar shaydosimi? Unday bo‘lsa gimnastika aynan uning uchun! To‘polonchi o‘g‘lingizdagi jasorat va irodani tarbiyalamoqchi bo‘lsangiz kurash ko‘rinishidagi sport turlarini tanlasangiz bo‘laveradi.
Bugungi kunda oilaviy mashg‘ulotlar uchun sport markazlari, suzish havzalari va ko‘ngilochar maskanlarda yetarlicha sharoitlar bilan ta’minlangan maxsus bo‘limlar mavjud.
Hamyonga ham nazar soling!
To‘g‘ri-da, mashg‘ulotlaringiz oilaviy byudjetga zarar keltirib qo‘ymasin tag‘in! Yaxshisi, mashg‘ulotlarni uy sharoitida, o‘yin shaklida uyushtiring. Uyingiz hovlisiga maxsus turnik yoki tennis to‘ri o‘rnatsangiz ham bo‘ladi. Muhimi xohish bo‘lsa bas, qolganiga bahonalar o‘tmaydi!