Telegram asoschisi Pavel Durov messenjer video platformaga aylanishi uchun “birinchi qadam qo‘yilgani”ni ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Qayd etilishicha, shu paytgacha Telegram’dagi turli chat va kanallarda videolavhalar qanday formatda yuklangan bo‘lsa, xuddi shu ko‘rinishda namoyish etilardi. Natijada foydalanuvchilar gigabaytlab ma’lumotlarni yuklab olishga va videolavhaning to‘liq yuklanishini kutishga majbur bo‘lardi. Messenjer asoschisi hatto qisqa videolarni ko‘rishda ham muammolar yuzaga kelganini ta’kidladi.
“Bugungi yangilanish bilan Telegram serverlari ommabop videolarni bir nechta sifat variantlariga qisqartiradi va ularni oqimli uzatish uchun optimallashtiradi”, deydi Pavel Durov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur yangilik tufayli messenjer internet tezligiga qarab avtomatik ravishda videoni yuklashga mos keladigan sifatni tanlaydi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 8 oktyabr kuni Durov Telegram’da yangi funksiyalar paydo bo‘lishini e’lon qildi. Jumladan, postlarni tahrirlash vaqtini ko‘rish va zarur hollarda dastlabki xabar yuborilgandan so‘ng mediafayllarni biriktirish imkoniyati haqida gap bormoqda. Oktyabr oyining o‘rtalarida Durov telefon raqamlarini tekshirish imkonini beradigan Gateway xizmatini ishga tushirganini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram kompaniyasi O‘zbekistonda o‘zining filialini ochishi mumkinligi haqida ma’lum qilingandi. Kompaniyaning LinkedIn platformasida O‘zbekistondagi ofis direktori lavozimi uchun vakansiya e’lon qilingan.