U-20 Osiyo kubogida g'olib bo'lgan o'zbekistonlik sportchi taqiqlangan modda qabul qilgani aniqlandi

Osiyo futbol konfederatsiyasi O’zbekistonda bo’lib o’tgan U-20 Osiyo kubogi bo’yicha tibbiy xulosasini taqdim etdi. Unga ko’ra, O’zbekiston — Avstraliya uchrashuvidan keyingi doping tekshiruvda U-20 O’zbekiston jamoasining bir nafar futbolchisi — Shahriyor Jabborovda taqiqlangan modda aniqlangan.

 

Ushbu tekshuriv “A”, ya’ni birinchisi hisoblanib, undan so’ng “B” qo’shimcha tekshiruvi o’tkaziladi. Aynan ikkinchi tekshiruvdan so’ng yakuniy qaror chiqariladi.

 

O’zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati boshchiligida mazkur holatni to’liq o’rganib chiqish yuzasidan ichki tekshiruv boshlangan. Unda futbolchi, tibbiy qo’mita mutaxassislari, terma jamoa hamda klub shifokorlari ishtirok etmoqda.

 

Dastlabki taxminlarga ko’ra, Jabborov ehtiyotsizlik sabab sifatsiz biologik faol moddalar iste’mol qilgan bo’lishi ehtimoli o’rganib chiqilmoqda.

 

Shuni ta’kidlash kerak, turnir davomida O’zbekiston U-20 terma jamoasining aksariyat futbolchilari doping tekshiruvidan o’tgan va hech kimda taqiqlangan vositalar aniqlanmagan.