YuNESKO bosh qarorgohida «Oriental Fashion Show 2023» tadbiri ishtirokchilarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi.
Mazkur tadbir doirasida O’zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va YuNESKOdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan «Route De La Soie Et Al-Andalus» uyushmasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga bag’ishlangan videorolik taqdim etildi. Unda, xususan, Samarqandning diqqatga sazovor joylari, nomoddiy madaniy merosning noyob elementi bo’lgan so’zananing yaratish texnologiyasi, shuningdek, Parij moda haftaligi doirasida o’tkazilgan «Oriental Fashion Show 2023» ko’rgazmasida 24-25 yanvar kunlari muvaffaqiyatli namoyish etilgan o’zbek dizaynerlarining kolleksiyalari haqida hikoya qilingan.
«Oriental Fashion Show 2023» ko’rgazmasi tashkilotchisi, «Route De La Soie Et Al-Andalus» uyushmasi prezidenti Hind Joudar O’zbekiston shaharlari bo’ylab qilgan sayohati chog’ida o’zbek madaniyati va an’analarining rang-barangligi va betakror go’zalligi unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. «Oriental Fashion Show» ko’rgazmasini O’zbekistonga olib borish va Samarqand markazidagi Registon maydonida ushbu muhtasham tadbirni tashkil etish mening eng ezgu orzumdir», dedi Hind Joudar.
«Oriental Fashion Show» Sharq mamlakatlari modasi va tikuvchilik mahoratiga bag’ishlangan dunyodagi birinchi xalqaro ko’rgazmadir. 2004 yildan beri Parijda o’tkazib kelinayotgan navbatdagi ko’rgazmada 60 mamlakatdan 120 dan ortiq modelyerlar to’plamlari namoyish etildi. Anjuman tashkilotchilari ko’rgazma namoyishlarini Parij, London, Milan, Nyu-York, Moskva, Sankt-Peterburg, Istanbul, Boku, Quvayt, Doha, Marokash, Dubay va dunyoning boshqa shaharlarida muntazam tarzda uyushtirib keladi.