Janubiy Koreya Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (KDCA) mamlakatda birinchi marta inson miyasi va asab tizimiga ta’sir qiluvchi Negleriya Fouler amyobasi keltirib chiqaradigan amyoba meningoensefaliti (Negleriaz) holati qayd etilganini ma’lum qildi, deb yozmoqda kun.uz.
KDCA ma’lumotlariga ko’ra, xorijda kasallanib, keyinchalik vafot etgan odamda Fouler amyobasi borligi tasdiqlangan. Bu Janubiy Koreyadagi birinchi holatdir.
Bemor oxirgi 4 oy davomida Tailandda bo’lgan. Qaytib kelgach, meningit belgilari bilan shifokorlarga murojaat qilgan va zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Amyoba meningoensefaliti yoki negleriaz – kam uchraydigan, ammo o’ta xavfli kasallik. Bu parazit inson miyasi va asab tizimini zararlaydi.
Parazit burun orqali hidlash nerviga, keyin esa miyaga kirib oladi. So’ngra miya hujayralarini yeb, ko’paya boshlaydi, bu muqarrar ravishda odamning o’limiga olib keladi.
Uni yuqtirgan odam birinchi navbatda isitma, bosh og’rig’i va bosh aylanishidan shikoyat qiladi, ta’m va hidni his qilishni yo’qotadi. Vaqt o’tishi bilan odamda epilepsiyani eslatuvchi gallyutsinatsiyalar va tutqanoq boshlanadi. Eshitish va ko’rish bilan bog’liq muammolar paydo bo’lishi mumkin. Infeksiyadan keyin o’limga qadar maksimal vaqt 24 kun.
Fouler amyobasini ko’lda yoki daryoda suzish va dam olish paytida, shuningdek, amyoba bilan ifloslangan suvni ichish paytida yuqtirib olish mumkin. Shuning uchun shifokorlar ilgari infeksiya holatlari qayd etilgan hududlarga sayohat qilishda ehtiyot bo’lishni tavsiya qiladilar. Suv havzalari yaqinida suzish va bo’sh vaqt o’tkazishdan bosh tortish, faqat toza suvdan foydalanish tavsiya etiladi.