O’zbekiston yilqichilik va ot sport federatsiyasi raisi Bahromjon Gaziyev hamda Italiya ot sporti federatsiyasi rahbari Marko di Paolo o’zaro hamkorlik memorandumini imzoladi. Ushbu kelishuvda hamkorlik xalqaro darajada olib borilishi ko’rsatilgan. Onlayn o’tgan mazkur tadbirda O’zbekistonning Italiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Otabek Akbarov ham qatnashdi.
Tadbir doirasida Italiya tomoni Bahromjon Gaziyev boshchiligidagi delegatsiyamizni joriy yilning 25-29 may kunlari Siena shahrida o’tadigan xalqaro musobaqa hamda 15-25 sentyabr sanalarida uchkurash va drayving bo’yicha o’tadigan jahon chempionatiga taklif etdi. O’z navbatida mamlakatimiz tomoni ham aprel oyida Toshkentda o’tadigan konkur bo’yicha xalqaro musobaqada Marko di Paoloni faxriy mehmon sifatida ko’rishdan mamnun ekanini bildirdi.
Hamkorlik kelishuviga ko’ra, o’zbekistonlik chavandozlar Italiyadagi eng yaxshi bazalardan biri «Pratoni Eventing – Ranieri» ot sporti klubi va ushbu davlat hududida o’quv-mashg’ulot yig’inlarini o’tkazishi, musobaqalarda ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, tomonlar yirik ot zavodlari faoliyatida ham hamkorlik qilish bo’yicha keluvga erishdilar.