Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) taqvimidan joy olgan Antaliya «Katta Dubulg’a» turniri ham o’z yakuniga yetdi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi ma’lum qildi.
4 qit’adagi 63 ta davlatdan jami 525 nafar (312 erkak, 213 ayol) dzyudochi 3 kun davomida 14 ta vazn toifasida musobaqa medallari hamda qimmatli reyting ochkolari uchun bahs olib borishdi. Ular orasida O’zbekiston terma jamoasining 17 nafar dzyudochisi ham murosasiz kechgan bellashuvlarda g’oliblik uchun tatamiga chiqdi.
Musobaqa yakunida 2ta kumush va 3ta bronza medalini qo’lga kiritgan jamoamiz 63ta davlat orasida 13-o’rinni egalladi. Agar sportchilarimiz ana shu medallarning yoniga hech bo’lmaganda bitta oltin qo’shib qo’yishganida O’zbekiston terma jamoasi Antaliya «Katta Dubulg’a»sida umumjamoa hisobida kuchli beshlikdan joy olishi muqarrar edi.
Quyida Antaliya «Katta Dubulg’a» turnirida sovrindor bo’lgan sportchilarimiz bilan tanishing:
Kumush medal:
-52 kg: Diyora Keldiyorova,
+100 kg: Alisher Yusupov,
Bronza medal:
-60 kg: Dilshodbek Baratov,
-66 kg: Sardor Nurillayev,
-81 kg: Sharofiddin Boltaboyev.
Musobaqada Gruziya terma jamoasi 2tadan oltin va kumush medal bilan umumjamoa hisobida 1-o’rinni egalladi. Fransiya terma jamoasi esa 2ta oltin va 1ta kumush medal bilan ikkinchi bo’ldi. Kuchli uchlikka Braziliya bittadan oltin va kumush hamda 4ta bronza medali bilan yakun yasab berdi. Antaliya tatamilarida 23 davlat terma jamoalari kamida bitta medal qo’lga kiritishdi.
Taqqoslash uchun, O’zbekiston terma jamoasi o’tgan yilgi Antaliya «Katta Dubulg’a» turnirida bitta oltin medalni qo’lga kiritgan edi. O’shanda Diyora Keldiyorova o’z vazn toifasida chempionlik shohsupasiga ko’tarilgan.