ALOPESIYa: ChANDIQSIZ SOCh TO'KILIShI QANDAY SODIR BO'LADI?

SSV Matbuot xizmatining soch kasalliklari va ularni davolashdagi zamonaviy yondashuvlar haqidagi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o’rinbosari Ilhom RAHIMOV javob berdi .

— Patologik, ya’ni biror kasallik yoki salbiy asoratlar sabab paydo bo’ladigan soch to’kilishiga olib keladigan omillar haqida so’zlab bersangiz.

— Patologik soch to’kilishining chandiqsiz shakli uchoqsiz, subtotal, total, universal, lentasimon, androgen soch to’kilishi kabi turlarga bo’linadi.

O’choqli soch to’kilishi – yosh bolalarda va kattalarda uchrovchi soch kasalligi bo’lib, boshning sochli qismida yoki soqol sohasida chegaralangan, dumaloq, oval shakldagi soch to’kilishi o’choqlari paydo bo’ladi. Kasallikning bu turida soch terisi deyarli o’zgarmaydi.

Subtotal soch to’kilishi – mayda o’choqlarga yana boshqa soch to’kilishi o’choqlari qo’shilishi natijasida paydo bo’ladi. Kasallikning bu turida bosh terisida uzun sochlar saqlanadi.

Total soch to’kilishi – boshda soch tolalari kuzatilmaydi, ammo tananing boshqa sohalarida soch va tuklar saqlanadi.

 Universal soch to’kilishi – butun bosh terisida sochlar, qosh, kiprik, soqol va tanada tuklarning kuzatilmasligi ushbu kasallik belgisidir.

Lentasimon soch to’kilishi – kasallik ensa sohasida soch to’kilishi bilan boshlanib, uzun lenta shaklida quloq supralari yoki chakka sohasi tomon rivojlanadi.

 Androgen soch to’kilishi – boshning sochli qismida androgenlar metobolizmining buzilishi natijasida va buning soch follikulalariga ta’siri oqibatida ushbu kasallikka irsiy moyilligi bo’lgan insonlarda kuzatiladi.

— Androgen soch to’kilishi erkaklar va ayollarda bir xil kechadimi?

— Aksincha, alopetsiya ikki jins vakillarida o’zaro farqli kechadi. Erkaklarda kasallik, odatda 20-22 yoshda boshlanib peshona ustki qismida va tepa qismlarda kuzatiladi. Soch to’kilishi aksariyat hollarda bosh sohasida yog’ bezlari faoliyatining buzilishi (seboreya) va seboreyali dermatit bilan birga kechadi. Ayollarda esa soch to’kilishi o’choqlari tepa va chakka sohalarida uchraydi, ammo to’liq soch to’kilishi bilan kechmaydi.

Alopetsiyani keltirib chiqaruvchi sabablar quyidagilar:

– androgen yoki anabolik steroid garmonlar qabul qilish;

– sochlarga turli xil tashqi ta’sirlarning ko’pligi;

– irsiy moyillik va boshqalar.

Soch to’kilishi kasalliklari anamnez, tibbiy ko’riklar, instrumental tekshiruvlar (dermatoskopiya, trixogramma), laborator tekshiruvlar, gistologik tekshiruvlar natijasida tashxislanadi va shunga ko’ra davo muolajalari olib boriladi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.