Xona. Bezatilgan dasturxon atrofida er, xotin va 12-13 yoshlar chamasidagi bola nonushta qilib o’tirishibdi. Kayfiyatlari chog’.
Er: Yo’q, yo’q, toychoq, siz sinfingizdagi o’rtoqlaringizni yo bir kun oldin, yo bir kun keyin chaqirasiz. Tug’ilgan kuningizda sira ham to’g’ri. Xo’pmi, toychoq?
Bola: Qanaqa odamlar?
Er: Katta odamlar, kazo-kazolar, aslzodalar keladi.
Bola: U nima deganingiz?
Er: Ya’ni… sizga nima desam ekan, ya’ni yaxshi odamlar kelishadi. Endi, toychoq, siz darsingizni qiling! Bizning oyingiz bilan ishimiz bor.
Bola: Xo’p (Chetroqqa borib o’tiradi).
Er: Qani, Qutbi, qog’oz-qalam olib bunday o’tir, chaqiradigan odamlarimizning bir ro’yxatini tuzib olaylik.
Xotin: Hozir, hozir (Xotin javondan qog’oz-qalam olib eriga keltiradi).
Er: Yo’q, yo’q, o’zing yoz, xating chiroyli. Mening xatimni o’qiydigan hali onasidan tug’ilmagan. Endi ishga o’taylik. Yoz! Birinchi navbatda, ro’yxatning bosh-qoshi, uyimizning to’ri shak-shubhasiz…
Xotin: Bositxon akangiz!
Er: Ichimsan-da xotin, ichimsan. Bositxon akamlar rafiqalari bilan!
Xotin: Hoy, dadasi, bir galchalik shu Bositxon akangizni taklif qilmasak qanday bo’larkan? Axir, qachon birorta chaqiriq qilmaylik, bosh-qoshida Bositxon akangiz keladi. Bir galchalik…
Er: O’v! Bositxon akamlarning nega senga og’irligi tushib qoldi?
Xotin: Menga emas sizlarga og’irligi tushadi. Hamma xushomad o’sha kishiga. Hammalaring atrofida girgitton bo’lasizlar. Xuddi musobaqa o’ynayotganday og’izlarini poylab o’tirasizlar.
Er: Qanaqa musobaqa?
Xotin: Og’izlaridan chiqqan gapni kim birinchi ma’qullar ekan, degan musobaqa-da!
Er: (biroz anqayib qoladi) Ho… tiling qursin zahar bo’lmay! Hali men senga laganbardor bo’lib qoldimmi?.. Yeb-ichishing, boyliging, qo’sha-qo’sha gilamlar o’sha kishining orqalaridan bo’lsa…
Xotin: Bo’pti, jahlingiz chiqmasin. Chaqirsangiz-chaqiravering. Men sizlarni o’ylagandim, bir yayrab, devdim. «Podxalim»lik qilaverib juda ezilib, qiynalib ketishlaringizni o’ylagandim-da.
Er: Menga qara, nodon odam, o’zim ham uni bilaman, o’taketgan dimog’dor, kibrli, takabbur odam. Ammo nachora, chaqirmasdan iloj yo’q. Chaqiriq qilib uni aytmaganimni eshitib qolsa, naq oyog’imni osmondan qilib yuboradi…
Xotin: Mayli, yozdim, mana!
Er: Ikkilamchi. Mirsadriddin aka kennoyimlar bilan.
Xotin: E, qo’ysangizchi, o’sha mahmadonangizni.
Er: O’v, nodon, o’v, sodda, kaltafahm! Yoz degandan keyin yozaversang-chi! U Bositxon akamning o’ng qo’lidek gap, boshqarmada uning oldiga tushadigan laganbardor, undan o’tadigan xushomadgo’y yo’q, qolaversa, birorta o’tirish usiz o’tmaydi. Lekin kennoyimlar, haqiqatdan menga yoqmaydilar. U kishi mehmonga emas, xuddi bozorga borgandek o’zlarini ko’z-ko’z qiladilar.
Xotin: O’zlarini emas, boyliklarini deng. Tillolarini, zarlarini bozorga solib ko’z-ko’z qilgani keladilar.
Er: Xo’shsh… Endi navbat Abdurahmonbegiga. Menga qolsa, mana shu sovuqni yozmasdim.
Xotin: Voy, hammani aytib buni ajratib qo’yasizmi, eshitsa, nima degan odam bo’lasiz?
Er: Ha, eshitsa, hafa bo’ladi. Ammo yomon beta’sir odam-da! Bunaqa mechkay, bunaqa suq, bunaqa ochofatni umrim bino bo’lib ko’rmaganman. Ha, axir, mehmonga kelganingdan keyin hamma qatori obro’yingni saqlab o’tir. Yo’q, «uni opkel, buni opkel», deb do’q qiladi. Aroqni-ku, suvdek ichadi.
Xotin: O’zini o’zi desangiz, xotini o’zidan ham bachkana. Qachon qarasa ishshaygani ishshaygan. Tavba…
Er: Xotini durust, ochiqqina. Xotin kishining ochilib-sochilib o’tirgani ma’qul-da, kekkayib o’tirgandan.
Xotin: Ho, yoqmay o’lsin! Birovning xotini qancha ochilib-sochilib o’tirsa-da, shundaymi?
Er: Ey, gapni chalg’itmasdan yozsang-chi! Xo’sh, kimga navbat keldi. Ha, Xayrullaxo’ja qolib ketay debdi-ku!
Xotin: Xo’jani ham aytasizmi? Sal anaqaroq, deb yurasiz-ku uni.
Er: Lekin o’ziga yetkuncha shum, o’ziga yetguncha shayton, xo’jasi tushmagur.
Xotin: Keling, qatordan qolmasin, yozib qo’ya qolay.
Er: Mayli, yoz! Xo’sh, endi anavi bor-u, uni ham yozamizmi?
Xotin: Kim ekan u?
Er: Ha, anavi lalaygan bor-u, Eshvoy, Eshvoy.
Xotin: Uni nima qilasiz, har xil qalang’i-qasang’ilarni aytaverasizmi?
Er: Endi xizmat-pizmat qilib yurarmidi, deyman-da! Choy tashish, ovqat-povqatga qarashish degandek.
Xotin: Ovqatni o’shasiz ham eplarmiz. Tengingizmas-da, dadasi, tengingiz emas!
Er: Bo’pti, o’chir yalangoyoqni! Yana kim qoldi…
Bola: Ada!
Er: Nima deysiz, toychoq?
Bola: Undan ko’ra sinfimizdagi o’rtoqlarimni aytib qo’ya qolaylik.
Er: Nega endi, ularni boshqa kuni aytamiz dedim-ku!
Bola: O’zingiz, yaxshi odamlarni chaqiraman deb, meni aldabsiz, hammasi yomon odamlar ekan-ku?!
Er: Ie, nima deganing bu, betamiz?!
Bola: Axir, boyadan beri oyim bilan o’tirib hamma keladigan mehmonlarni yomonlayapsizlar-ku!
Er: (angrayib qoladi, keyin do’q uradi) Kattalarning ishiga aralashgandan ko’ra, o’tirib darsingni tayyorla, o’v, beadab!..
Javlon JOVLIYEV tayyorladi,
manba: «Oila davrasida» gazetasi