Xalqaro olimpiya qo’mitasi prezidenti Tomas Bax 2022 yilgi qishki Olimpiya o’yinlari xavfsiz va muvaffaqiyatli o’tishiga ishonch bildirdi. Bu haqda XOQ rahbari seshanba kuni «Dyaoyuytay» davlat qarorgohida XXR raisi Si Szinpin bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda ma’lum qildi.
«Xitoy tomonidan ko’rilayotgan chora-tadbirlar xavfsiz va muvaffaqiyatli o’yinlar o’tkazilishini ta’minlaydi – bu ajoyib voqea bo’lib, unda butun dunyodan sportchilar Pekinga keladi», — deya Tomas Bax so’zlarini keltirgan Xitoy TIV.
XOQ rahbarining ma’lum qilishicha, ba’zi davlatlar birinchi marta qishki Olimpiya o’yinlariga sportchilarni yubormoqda va bu «xalqaro hamjamiyat Pekin-2022 o’yinlarini keng qo’llab-quvvatlayotganini to’liq ko’rsatmoqda».
Xitoy raisi Si Szinpin Qishki Olimpiya o’yinlarida 90 ga yaqin mamlakat va mintaqadan 3000 ga yaqin sportchi ishtirok etishini aytdi. «Biz, manfaatdor tomonlar, ishtirokchilar va Xitoy aholisining salomatligi hamda xavfsizligini kafolatlay olishimizga ishonchimiz komil», — deya Si Szinpin so’zlaridan iqtibos keltirgan Xitoy TIV.
«Sportchilarni birinchi o’ringa qo’ygan Xitoy O’yinlarni ishonchli jihozlar va dasturiy ta’minot, jumladan, o’tkaziladigan joylar bilan ta’minlash uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda», — dedi Xitoy raisi.
Xitoy rahbarining so’zlariga ko’ra, Pekin Olimpiadasi «pandemiyadan keyin birinchi marta rejalashtirilganidek o’tkaziladigan global sport tadbiridir». Uning qo’shimcha qilishicha, Pekin o’yinlaridan maqsad «300 million kishini qishki sport turlariga jalb etish». «Bu tasavvur haqiqatga aylandi. O’yinlar Xitoyda qishki sport turlari bilan bog’liq sohalarning rivojlanishini rag’batlantirdi». XXIV qishki Olimpiada o’yinlari Pekinda 4-20 fevral oralig’ida bo’lib o’tadi.
RIA Novosti