Xabaringiz bor, joriy yilning 27-oktyabridan 2-noyabriga qadar yurtimizda U-23 Osiyo kubogi saralash bosqichi “D” guruhidan o’rin olgan o’yinlar bo’lib o’tadi.
Bugun “Paxtakor” stadioni anjumanlar zalida saralash bahslari oldidan jamoalar murabbiyi va futbolchilar ishtirokida rasmiy matbuot anjumani o’tkazildi. Unda O’zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze va jamoa a’zosi Jasurbek Jaloliddinov ham ishtirok etdi.
Timur Kapadze:
— Ushbu bosqich biz uchun tayyorgarlik vazifasini o’tab beradi. Ayniqsa, bahslar O’zbekistonda o’tkazilishi biz uchun qulay bo’ldi. O’ylaymanki, oldimizda turgan o’yinlar xalqaro tajriba taqdim etib, o’zimiz uchun holatimizni, darajamizni aniqlab olishimizga xizmat qiladi.
— “Nasaf” klubining finalga chiqqani bizga hech qanday ta’sir qilgani yo’q. To’g’ri, Husayn Norchayev ushbu yig’inga jalb qilinmadi, biroq bu boshqa futbolchilarga o’zlarini ko’rsatishi uchun imkon yaratadi. Umuman olganda, bunday musobaqalardan hamma uchun tajriba oladi.
— Yosh jamoa bilan musobaqada ishtirok etish katta muammo emas, chunki biz o’z oldimizga katta maqsadlar qo’yganmiz va ular yo’lida to’g’ri harakat qilmoqdamiz, deb o’ylayman. Bizda tanlov katta, iqtidorli yoshlarimiz ko’p. Jalb qilingan 23 nafar futbolchimiz ushbu 3 ta o’yinda o’zlarini ko’rsatishlariga ishonaman.
Shuningdek, barcha jamoalarga omad tilayman.
Jasurbek Jaloliddinov:
— Ertaga bizni Saudiya Arabistoniga qarshi jiddiy bahs kutib turibdi. Biz ushbu jamoaga qarshi 3-marta o’ynaymiz. G’alaba qozonish uchun hamma narsa mavjud, ayniqsa, bizda hozir g’alaba kayfiyati bor. Murabbiyimiz bizni bu musobaqaga tizimli tayyorlab kelmoqda, oldimizda turgan barcha uchrashuvlarda bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
— Futbol, albatta, muxlislar uchun. Biz o’z uyimizda o’ynaymiz, shu sabab muxlislarimiz bizni qo’llab-quvvatlab turishlariga ishonamiz. Chunki ular bilan birga biz yanada kuchliroq bo’lamiz.