O’zbekiston U23 terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze Saudiya Arabistoniga qarshi bo’lib o’tgan final bahsidan keyin o’z fikrini bildirib o’tdi.
«Bugun butun xalqimizni g’alaba bilan xursand qilmoqchi edik. Nasib emas ekan. InshaAllah, kelasi safar g’alaba qozonib barchani xursand qilamiz.
Bugungi o’yin qiyin bo’ldi. G’alaba qozonishimiz mumkin edi. Yigitlarim barcha o’yinda borini berishdi. O’ylaymanki, bu mag’lubiyatdan so’ng biz yanada kuchli bo’lamiz.
Bugungi mag’lubiyatda charchoq asosiy sababimi? Charchoq, menimcha, barcha jamoada bor edi. Finalga kelgan barchada shunday bo’ladi. Maydon ikkala jamoaga ham xalaqit berganini ham alohida ta’kidlab o’tish lozim.
Albatta, asosiy maqsad Parij-2024 olimpiadasi yo’llanmasini qo’lga kiritish. Jamoamiz juda yosh edi. Finalgacha yetib kelishimizning o’zi biz uchun g’alabaga teng bo’ldi. Bu musobaqa davomida futbolchilarimni yanada yaxshi tanib oldim. Bu bizga katta tajriba to’plash uchun imkoniyat bo’ldi. Barchaga rahmat.
Menimcha, bu turnirda barcha futbolchilar o’zini ajoyib ko’rsatdi. Umuman olganda, bu turnirda men uchun zaxirada qolgan ham, asosiy tarkibda maydonga tushgan ham alohida muhim o’yinchi hisoblanadi. O’sadigan tomonlarimiz bor. Bunga alohida etibor qaratamiz.
Yigitlarning hozirgi ruhiy holati uncha yaxshi emas. Jamoa ruhiy tomondan charchadi. Barchasi tarixga aylandi. Futbolchilarning ahvolini esa ko’rib chiqamiz.
Jamoada o’zini ko’rsatgan futbolchilar bo’ldimi? Bunday turnirlarda barcha skautlarning ham, klublarning ham e’tibori shu yerda bo’ladi. E’tiborimizni turnirga qaratishga harakat qildik. Barchani o’z agenti bor. Biznikilarga qanday takliflar bo’lgani haqida xabarim yo’q», — dedi Kapadze.