Samarqand eshkak eshish kanalida boshlangan triatlon bo’yicha “2022 Asian Triathlon Cup Samarkand” bahslari yakunlandi.
30 ta davlatdan kelgan 70 nafar professional sportchi triatlonning klassik yo’nalishi – ochiq havzada 1,5 kilometrga suzish, 40 kilometrga velopoyga va 10 kilometrga yugurish bahslarida bellashdi.
Musobaqaning ayollar o’rtasidagi bahsida jahon triatlon federatsiyasi bayrog’i ostida qatnashgan Tous Xeskaga teng keladigani topilmadi. Xitoylik Xen Yu Lin ikkinchi va Vengriya vakilasi Naumi Sraszegi uchinchi o’ringa sazovor bo’ldi.
Erkaklar o’rtasidagi bahsda ispaniyalik sportchi David Kontero Del Kampo mutlaq g’olib deb topildi. Ikkinchi o’rinni Ruminiya sportchisi Feliks Duchampt, uchinchi o’rinni Lyuksemburg vakili Grigor Payet qo’lga kiritdi.
Musobaqa so’ngida g’oliblarga diplom, medal va esdalik sovg’alari topshirildi.
Ertaga 160 nafar havaskor hamda professional sportchilar o’rtasida triatlon bo’yicha O’zbekiston chempionati bo’lib o’tadi.