Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) kengashi 21 fevral kungi yig’ilishda Rossiya shaxmat federatsiyasining (RShF) Osiyo shaxmat federatsiyasiga (ACF) qo’shilish borasidagi so’rovini qabul qildi.
Qayd etilishicha, Osiyo shaxmat federatsiyasining 28 fevral kuni Abu-Dabida bo’lib o’tadigan Bosh Assambleya yig’ilishida ushbu masala yuzasidan qaror qabul qilinadi. Agar Rossiyaning so’rovi qabul qilinsa, u holda RShF avtomatik ravishda Yevropa shaxmat ittifoqi a’zoligidan chiqariladi.
FIDE qaroriga ko’ra, agar rossiyalik shaxmatchilar bu qarordan qoniqmagan holda o’z federatsiyasini o’zgartirishni istasa, ularga nisbatan hech qanday cheklov qo’yilmaydi. Shaxmatchilar istalgan boshqa mamlakat federatsiyasiga qo’shilishi yoki Yevropa shaxmat ittifoqi a’zosi sifatida qolishi mumkin.
Rossiyaning 2022 yil fevral oyida Ukrainaga bostirib kirishi oqibatida ko’plab sport tashkilotlari qatori FIDE ham rossiyalik shaxmatchilarni ma’lum muddatga musobaqalardan chetlashtirgandi. Keyinroq ularga xalqaro musobaqalarda FIDE bayrog’i ostida dona surishga ruxsat berildi.