Ronaldu ketishni istamoqda. U «Manchester Yunayted»ning ketma-ket 4-mashg'ulotlarini o'tkazib yubordi

Krishtianu Ronaldu «Manchester Yunayted»ning navbatdagi mashg’ulotlarini o’tkazib yubordi.

Manchester Evening News nashrining xabariga ko’ra, 37 yoshli hujumchi mankunianliklarning payshanba kungi mashg’ulotlarida ishtirok etmagan.

Shu tariqa Ronaldu «qizil iblislar»ning mavsumoldi mashg’ulotlari 4-kunida ishtirok etmadi. Portugaliyalik hujumchi dushanba kuni boshqa futbolchilar kabi klub bazasiga tashrif buyurishi lozim edi.

«Manchester Yunayted» 8 iyul kuni Tailand va Avstraliya bo’ylab turga chiqadi. Klubdagilar Ronaldu jamoa bilan birga yig’inlarda ishtirok etish yo etmasligini bilmaydi.

37 yoshli hujumchi Lissabonda bo’lib turibdi. U Portugaliya terma jamoasi mashg’ulotlar bazasiga tashrif buyurgan.

Ronaldu 2021/22 yilgi mavsum mankunianliklar safida barcha musobaqalarda 39 ta o’yinda maydonga tushib, 24 ta gol va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.