“Roma”da o’yin amaliyotisiz qolib ketgan Eldor Shomurodov faoliyatini “Spetsiya”da davom ettirishga rozilik berdi.
Italiya futbolini yoritib borayotgan deyarli barcha nufuzli manbalar bu vaziyatni oxirigacha kuzatib bordi hamda o’zbek hujumchisining yakuniy qarori qanday bo’lgani haqida ma’lumot tarqatmoqda.
Xususan, https://romapress.net nashri jurnalisti Jon Solanoning yozishicha, “Spetsiya” mutasaddilari “Roma” sport direktori Tyagu Pintoni hujumchini ijaraga qo’yib yuborishga ko’ndirganidan keyin kech bo’lishiga qaramay, Eldor Shomurodov vakillari bilan muzokara olib borgan.
Ijara vaqtidagi Shomurodovning xizmati “Spetsiya”ga 1,5 million yevro atrofida tushishi ta’kidlanmoqda.
Shundan so’ng vaziyatga qarab, Shomurodovning “Roma”da qolishi yoki o’ziga boshqa jamoa topishi masalasi yozgi transferlar vaqtida hal qilinadi.
Eslatib o’tamiz, Eldor Shomurodov kuchli beshlik chempionatlari qatoriga kiradigan A Seriyadagi faoliyatini 2020 yilning oktyabr oyida boshlagan. Eldor “jenoa”da bir mavsumda Italiya chempionatida 31 ta uchrashuvda 8 ta to’p kiritganidan keyin bir qator klublardan taklif oldi va yakunda Joze Mourino qabul qilib olgan “Roma”ni tanladi.
Mashhur murabbiy qo’l ostida hamyurtimizning faoliyati muvaffaqiyatli chiqqani yo’q. Bir yarim yil mobaynida Mourino o’zbek hujumchisiga yetarli o’yin amaliyoti imkoniyatini bermasdan, faqat bir necha daqiqadan o’ynatib keldi.
Rim klubida jami 48 ta uchrashuvda maydonga tushgan hamyurtimiz oltitadan gol va assist qayd etdi.
Shomurodov uchun “Roma”dagi kam sonli yorqin voqealardan biri jamoasi bilan UEFAning yangi turniri – Konferensiyalar ligasida bosh sovrinni qo’lga kiritgani bo’ldi.
Nihoyat, 2023 yilning yanvar oyiga kelib, Eldor Shomurodov jamoasini o’zgartirishga qaror qildi. “Roma” “Torino”, “Bolonya”, “Fiorentina” kabi jiddiy klublarning takliflarini qabul qilmadi.
Eldorning o’zi Italiyada qolish istagini bildirib, Germaniyaning “Bayer”, Ispaniyaning “Valyadolid”, Fransiyaning “Renn” va “Lill” kabi klublari chorlovlariga rad javobini berdi.
Vaziyat taqozosi bilan Shomurodov “Spetsiya”ga nasib qildi. Bu transfer tez orada rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.