FIFA kengashi byurosi mundial boshlanishini 21 noyabrdan 20 noyabrga ko’chirishni ma’qulladi. Bu turnir mezboni Qatar milliy jamoasi ochilish o’yinida qatnashishi uchun qilinmoqda.
Shu tariqa ochilish marosimi va Qatar — Ekvador bahsi 20 noyabr kuni bo’lib o’tadi. O’yin Toshkent vaqti bilan 21:00da boshlanadi.
A guruhining yana bir bellashuvi Senegal — Niderlandiya rejalashtirilganidek 21 noyabr kuni bo’lib o’tadi, ammo o’yin boshlanish vaqti 15:00dan 21:00ga o’zgartirildi.
2006 yilda Germaniyada bo’lib o’tgan jahon chempionatidan boshlab barcha ochilish o’yinlari musobaqa mezbon davlati ishtirokida o’tkazildi. Ammo Qatardagi jahon chempionati taqvimi shunday tuzilganki, mezbonlar o’sha kuni faqat uchinchi o’yinda maydonga tushishi kerak edi. FIFAning ma’lum qilishicha, o’yinni boshqa muddatga ko’chirish qarori «uzoq an’analar davom etishini ta’minlaydi». Federatsiya barcha sotib olingan chiptalar o’z kuchini saqlab qolishini ta’kidladi.
2022 yilgi jahon chempionati 20 noyabrdan 18 dekabrga qadar bo’lib o’tadi. Final o’yini 18 dekabr kuni «Lusail» stadionida bo’lib o’tadi va Toshkent vaqti bilan soat 20:00da boshlanadi. Uchinchi o’rin uchun o’yin bir kun avval Al-Rayyandagi «Xalifa» xalqaro stadionida bo’lib o’tadi va u ham Toshkent vaqti bilan soat 20:00da boshlanadi.
Eslatib o’tamiz, FIFA qaroriga ko’ra, Rossiya klublari va jamoalari xalqaro musobaqalarda qatnasha olmaydi. Shu bois Rossiya terma jamoasi 2022 yilda Qatarda bo’lib o’tadigan jahon chempionatiga chiqish imkoniyatidan mahrum bo’lgan.