Pekinda Olimpiada munosabati bilan epidemiologik nazorat kuchaytirildi

2022 yil boshida bo’lib o’tadigan qishki Olimpiya o’yinlari davomida musobaqa ishtirokchilari va tomoshabinlar soni keskin oshib ketishi inobatga olinib, Pekinda epidemioligik nazorat kuchaytirildi. Chunki Olimpiadaga dunyoning turli davlatlaridan ko’plab odamlar kelishi tabiiy. Xitoy hukumati esa mamlakatda koronavirus kasalligi ortishidan xavotirlanib, epidemiologik nazorat hozirdanoq kuchaytirib borilishini ma’lum qildi.

Bu haqda Pekin shahri ma’muriyati rahbariyati ishtirokida COVID-19ga qarshi kurash bo’yicha tashkil etilgan matbuot anjumanida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Xitoyning 21 provinsiyasida virus avj olgani sababli 17 noyabrdan boshlab Pekinga kirib keladigan har bir fuqaro koronavirusga test topshirishi lozim.

Shu bilan birga ertadan boshlab faqat Xitoy aholisiga tegishli bir qoida joriy etiladi. Ya’ni, infeksiyaning turli mutatsiyalari aniqlangan hudud fuqarolariga 14 kun davomida Pekinga kirish qat’iyan man etiladi.

Epidemiologik nazorat doirasida shahar hokimiyati Pekinda zarurat bo’lmasa, turli uchrashuvlar o’tkazmaslikka qaror qilgan.

Eslatib o’tamiz, 2022 yil 4-20 fevral kunlari Pekin shahrida qishki Olimpiya o’tkazilishi belgilangan. Ayni payt anjumanning xavfsiz o’tishini ta’minlash bo’yicha zarur choralar ko’rilmoqda.

uza.uz