Badiiy gimnastika bo’yicha “Kuchlilar turniri” musobaqasining I-bosqichida ishtirok etgan O’zbekiston terma jamoasi vakillari 5 ta bronza medaliga sazovor bo’ldi.
Musobaqa Moskvadagi Irina Viner-Usmanova gimnastika saroyida bo’lib o’tdi.
Yosmina Rahimova ko’pkurash dasturida bronza medalini qo’lga kiritdi. U faqat rossiyalik opa-singil Dina va Arina Averinalarga imkoniyatni boy berdi, xolos.
O’zbekiston terma jamoasi vakillari Mila Boturina to’rtinchi, Yekaterina Fetisova esa oltinchi o’rinni egalladi.
Yosmina alohida mashqlar dasturida xalqa va tasmadagi chiqishlari bilan ham shohsupaning uchinchi pog’onasidan joy oldi. Tokio-2020 ishtirokchisi Yekaterina Fetisova bulava mashqida, qolaversa, Viktoriya Neskubo, Iroda Sodiqova, Diyora Baxtiyorova, Mubina Kamolova, Yasmin Mirzayarova, Dominika Damirovadan iborat qizlar jamoaviy dasturda uchinchi natijani qayd etishdi.