O’zbekiston prezidentining «O’zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o’yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to’g’risida»gi qarori e’lon qilindi.
Prezident qaroriga ko’ra, 2024 yil Parij shahrida bo’lib o’tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o’yinlarida g’olib va sovrindor bo’lgan sportchilari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag’batlantiriladi:
-oltin medal uchun — 200 ming AQSh dollari;
-kumush medal uchun — 100 ming AQSh dollari;
-bronza medal uchun — 50 ming AQSh dollari.
Xarajatlar Davlat byudjeti mablag’lari hisobidan qoplanadi.
Olimpiya va Paralimpiya o’yinlariga tayyorgarlik qilish jarayonida respublika hududida o’tkazilayotgan sport musobaqalari, o’quv-mashg’ulotlar yig’inlarida terma jamoa a’zolarining ishtirokini ta’minlash uchun viloyatlararo yo’nalishlar bo’yicha (temir yo’l va aviachipta) transport xarajatlariga 2022 yil 1 martdan 2024 yil 1 sentyabrga qadar chegirmalar joriy etiladi.
Shuningdek, ushbu qarorda 2026 yil Milan shahrida bo’lib o’tadigan qishki, 2028 yil Los-Anjeles shahrida bo’lib o’tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o’yinlariga tayyorgarlik ko’rish masalalarida ham topshiriq berilgan.
Eslatib o’tamiz, Tokio Olimpiadasini O’zbekiston delegatsiyasi uchta oltin va ikkita bronza bilan 32-o’rinda yakunlagandi. O’zbekiston hukumati chempionlarni 200 ming dollar, bronza medali sohiblarini 50 ming dollardan pul mukofotlari bilan taqdirlagan. Bundan tashqari, sovrindorlarning murabbiylariga, shuningdek, Olimpiadaning barcha ishtirokchilariga ham pul mukofotlari topshirilgandi.