image0

Har yili dunyoda 1,2 million kishi yo‘llarda halok bo‘ladi va taxminan 50 million kishi jarohat oladi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisalari dunyo bo‘yicha o‘lim sabablari orasida sakkizinchi o‘rinda turadi. Shuningdek, bu besh yoshdan oshgan bolalar va yoshlar orasidagi o‘limning asosiy sabablaridan biridir. Ayniqsa, past va o‘rta daromadli davlatlarda vaziyat og‘ir bo‘lib, yo‘llarda sodir bo‘ladigan o‘limlarning 90 foizi aynan shu mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. Ko‘plab qurbonlar piyodalar, velosiped va mototsikl haydovchilari hamda bolalar bo‘lib, ular xavfsiz transport vositalari va yo‘l infratuzilmasidan foydalana olmaydi.

Ta’kidlanishicha, muammoni hal etish uchun yechimlar allaqachon mavjud: shaharsozlikni yaxshilash, xavfsiz jamoat transportini yo‘lga qo‘yish, shlem va xavfsizlik kamarlaridan majburiy foydalanish, tezlikni nazorat qilish hamda favqulodda holatlar uchun samarali protokollarni joriy etish shular jumlasidan. Ushbu choralar minglab insonlarning hayotini saqlab qolishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ugandadagi Kampala-Gulu avtomagistralida sodir bo‘lgan yirik yo‘l-transport hodisasi oqibatida 63 kishi halok bo‘lgandi va bir necha kishi jarohat olgan edi. 

Mohichehra Qadamova