BAAning Dubay shahrida karate WKF bo’yicha kattalar o’rtasida navbatdagi jahon chempionati bahslari bo’lib o’tmoqda.
Musobaqada dunyoning besh qit’asidagi 104ta davlatdan jami 983 nafar sportchi g’oliblik uchun tatamiga chiqishdi. Ushbu jahon chempionatiga O’tkam Bekpo’latov boshchiligida 15 nafar karatechimiz jo’nab ketishgan edi.
Hozirgina erkaklar o’rtasida -75 kg vazn toifasida final jangi o’tkazildi. Unda karate WKF bo’yicha milliy terma jamoamiz a’zosi, sport yakkakurashlari bo’yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi sportchisi Dostonbek Otabolayev AQSh vakili Tomas Skott ustidan ishonchli g’alabaga erishdi va O’zbekistonga tarixiy OLTIN MEDALni taqdim etdi.
Ayni daqiqalarda jahon chempionatining hal qiluvchi janglari davom etmoqda va hozirda vakillarimiz yana 4ta bronza medalini qo’lga kiritish imkoniyatiga egalar.
Eslatib o’tamiz, karate WKF bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zolari 23-noyabr kuni tunda yurtimizga qaytib kelishadi.