Osiyo kubogi U-20 A guruhi doirasidagi 3-tur uchrashuvlari yakunlanib, keyingi bosqichga yo’llanma olgan jamoalar nomi ma’lum bo’ldi.
O’zbekiston yoshlar jamoasi guruhdagi so’nggi uchrashuvda Indoneziyaga qarshi maydonga tushdi. Farg’onadagi bahs hujumkor o’tgan bo’lsa-da, o’yinda hisob ochilmadi – 0:0.
Toshkentda o’tgan parallel o’yinda esa Iroq Suriya bilan murosa ko’chasini tanladi – 1:1.
Shu tariqa, O’zbekiston U20 jamoasi 7 ochko bilan guruhdan peshqadam sifatida chorakfinalga yo’llanma oldi. 2-o’rin esa Iroqqa nasib etdi.
Ravshan Haydarov shogirdlari 11 mart kuni 1/4 finalda B guruhida 2-o’rinni egallagan Avstraliyaga qarshi saf tortadi. Iroq esa B guruhi peshqadami Eronga qarshi maydonga tushadi. Yarimfinal yo’llanmasi jamoalarga JCh-2023 yo’llanmasini taqdim etadi.