Milliy antidoping agentligi matbuot xizmati xabariga ko’ra, Diyorbek O’rozboyev O’zbekiston Milliy antidoping agentligining “Milliy test ro’yxati”ga kiritilgan bo’lib, rejali tarzda doping-nazoratidan o’tishi belgilangan. Joriy yilning 6 may kuni sportchidan musobaqadan tashqari davrda doping-sinama olingan.
Tekshiruv natijasida sportchi tomonidan Butunjahon antidoping kodeksi va O’zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida ko’rsatilgan antidoping qoidabuzarligi sodir etilgan ya’ni “Meldonium” taqiqlangan moddasi iste’mol qilingani aniqlangan. “Meldonium” taqiqlangan moddalar ro’yxatining “S4. Gormonlar va metabolizm modulyatorlari” sinfiga mansub hisoblanadi.
Natijada, Diyorbek O’rozboyev 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Diskvalifikatsiya 2021 yil 16 avgustdan 2024 yil 15 avgustga qadar etib belgilandi.
Dzyudochi diskvalifikatsiya muddati tugaganga qadar Butunjahon antidoping kodeksi va O’zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida belgilab qo’yilganidek, xalqaro va milliy toifadagi musobaqalarda ishtirok etishi taqiqlanadi.