Argentina terma jamoasi sardori va o’yinning eng yaxshi futbolchisi Lionel Messi Xorvatiyaga qarshi o’yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.
«Kayfiyatim a’lo darajada. Bugungi o’yin bizga oson bo’lmadi, ancha toliqdik, shunga qaramay, jiddiy o’yin ko’rsatdik. Raqib to’pga ko’proq egalik qilishini yaxshi bilardik, chunki ularda markaziy zonalarda harakat qiluvchi ajoyib o’yinchilar bor, lekin biz ushbu o’yinga yaxshi tayyorgarlik ko’rdik.
Xorvatiya aqlli jamoa, ular har bir vaziyatni uqib oladi. Skaloni aytganidek, biz mashaqqat bilan harakat qilishimiz kerak bo’lganda qanday harakatlanishni va to’pga egalik qilish kerakligini o’z vaqtida payqadik. Bizda juda yaxshi o’yinchilar bor, ular hech qanday shubhaga o’rin qoldirishmadi. Himoyalanish chog’ida umidsizlikka tushmadik, to’pga egalik qilish raqibning kuchli tomoni ekanligini bilgan holda o’yin ko’rsatdik.
Mundialdagi ilk o’yin (Saudiya Arabistoniga qarshi mag’lubiyat) juda kuchli zarba bo’ldi. 36 uchrashuvdan mag’lubiyatsiz seriyamizga barham berildi. Mag’lub bo’lishni kutmagan raqibga qarshi shunday natija bilan boshlash bunday tarkib uchun og’ir botdi. Shunga qaramay, kuchli ekanligimizni ko’rsata oldik, o’yindan-o’yinga yaxshilanib bordik. Uchrashuvlar oson o’tmadi, sababi har bir o’yin finalga teng edi.
Biz beshta final o’tkazdik va beshalasida ham g’alaba qozondik. Umid qilamanki, keyingi final ham shunday muvaffaqiyat bilan nihoyasiga yetadi… O’zimizga bo’lgan ishonchimiz yuqori, chunki biz tarkibimiz qay darajada ekanligini bilamiz. Saudiyaga qarshi o’yindagi mag’lubiyat bizni o’sishga undadi», dedi Argentina terma jamoasi yetakchisi.