Globe Soccer Awards sovrini tashkilotlari bir yil, ya’ni 365 kundagi natijalar hisobidan yilning eng yaxshi murabbiyi va jamoasini aniqlash uchun ushbu nomga da’vogarlar ro’yxatini e’lon qildi.
Unga ko’ra, yilning eng yaxshi murabbiyi bo’lishga “Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino ham da’vogarlik qilmoqda. Eldor Shomurodovning ustozi Rim jamoasida keskin o’zgarish yasay oldi. “Bo’rilar” portugaliyalik murabbiy qo’l ostida o’tgan mavsumni UEFA Konferensiyalar ligasidagi g’alaba bilan yakunladi.
Bu mavsumda “Roma” Chempionlar ligasi yo’llanmasi uchun da’vogarlik qilmoqda va ayni paytda A Seriyada kuchli to’rtlikka kirib olgan.
Joze Mourinodan tashqari, yilning eng yaxshi murabbiyligiga Xosep Gvardiola (“Manchester Siti”), Stefano Pioli (“Milan”), Karlo Anchelotti (“Real”), Abel Ferreyra (“Palmeyras”), Yurgen Klopp (“Liverpul”) va Renato Gausho (“Gremio”) da’vogarlik qilmoqda.
2022 yilning eng yaxshi jamoasi sovrini Angliyaning “Manchester Siti” va “Liverpul”, Italiyaning “Roma” va “Milan”, Braziliyaning “Palmeyras” va “Flamengo”, Ispaniyaning “Real”, Fransiyaning PSJ, Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” hamda Marokashning “Vidad” jamoalari orasidan aniqlanadi.
Mavsumning eng yaxshi futbolchisi nominatsiyasiga ham munosib charm to’p ustalarining nomi kiritilgan. Xususan, bu sovringa “Oltin to’p” sohibi Karim Benzema (“Real”) nomzodi ham ilgari surildi.
Sovrinni olish uchun fransiyalik futbolchi mavsumni yuqori darajada o’tkazgan Muhammad Saloh va Luis Dias (“Liverpul”), Tibo Kurtua (“Real”), Kilian Mbappe, Lionel Messi (PSJ), Robert Levandovski (“Barselona”), Sadio Mane (“Bavariya”), Krishtianu Ronaldu (“Manchester Yunayted”), Erling Xoland (“Manchester Siti”) bilan raqobatlashadi.
Globe Soccer Awards sovrini 17 noyabr kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida topshiriladi.