O’zbekistonlik bokschi Isroil Madrimov (8−0, 6 KO) to’qqizinchi raundda texnik nokaut bilan Fransiya sharafini himoya qilgan raqibi Mishel Soro ustidan g’alaba qozonib, WVA yo’nalishida jahon chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar bo’ldi. Bokschilar 17 dekabr kuni Toshkent shahrida bo’lib o’tgan professional boks kechasida ringga ko’tarilishdi.
Jang anchagina raqobatga boy bo’ldi — ikkala sportchi ham ring markazida bo’lish va tashabbusni ushlab turishga harakat qilishdi. Shu bilan birga, 26 yoshli o’zbek bokschisining zarbalari og’irroq bo’ldi, u tajovuzkorroq ko’rindi. 34 yoshli fransiyalik sportchi esa himoyada yaxshi harakat qildi va ko’proq qarshi hujumda ustunlikka ega bo’ldi, biroq, ba’zan og’ir hujumlarni o’tkazib yubordi.
12 raundga mo’ljallangan jangning 9-raundida Soro o’zini raqibi zarbasiga tutib berdi — Madrimov esa unga ketma-ket zarbalar berib, kanat oldida muvaffaqiyatli hujum uyushtira oldi. Biroq, ham bokschilar, ham hakam bongni (balki tomoshabinlarning shovqini sabab) eshitmagandek tuyuldi. O’zbekistonlik bokschi bongdan keyin ham bir qancha zarbalar berganidan so’ng, hakam Salvador Salva Madrimovning g’alabasiga ishora qilib, jangni to’xtatdi.
Hakamlar hay’ati juda uzoq vaqt muhokama qilishdi, yakunda baribir Isroil Madrimovning texnik nokautini tan olishdi. Bu esa Mishel Soro jamoasining salbiy munosabatiga sabab bo’ldi.
Soroning murabbiyi Abel Sanchez avvaliga jang yakuni bo’yicha e’tiroz bildirmagandi, lekin keyinroq Madrimovning jamoasi va hakamlar bilan baxsga kirishib ketdi.
Allboxing`ning yozishicha, hakamlar qaydnomalarida Madrimov 8 raunddan so’ng, 76−76, 78−74 va 76−75 hisobi bilan g’alaba erishgan.
Sportchi jangdan so’ng, bu hamkamlarning qarori ekanligini, lekin, u har doim fransiyalik rabiqi bilan revanshga tayyorligini ma’lum qilgan.
Rasman Isroil Madrimov WBA (The World Boxing Association) yo’nalishida jahon chempionlik kamari — Djermella Charlo (34−1−1, 18 KO) uchun majburiy da’vogarga aylandi.
Bunga qadar Mishel Soro WBA reytingida birinchi, Isroil Madrimov esa 2-o’rinni egallab turgandi.
Bundan tashqari, O’zbekiston boks federatsiyasi boshqa o’zbekistonlik sportchilarning ham natijasini e’lon qildi.
Nokautlar hisobiga Iqboljon Xoldorov belaruslik Dmitriy Miliushani birinchi raundda, Hasanboy Do’smatov raqibi meksikalik Xose Rivasni 4-raundda, Elnur Abduraimov esa Filippin vakili Jon Geminoni 6-raundda mag’lub etdi.
Yakuniy ochkolar hisobiga Dilshodbek Ro’zmetov rossiyalik Maksim Smirnov (6 raund), Bektemir Meliqo’ziyev rossiyalik Sergey Yekimov (8 raund) hamda Shahram G’iyosov argentinalik Kristian Koria (10 raund) ustidan g’alaba qozondi.