«Manchester Yunayted» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «PSJ»ga o’tishi mumkin, deya xabar bermoqda Le 10 Sport.
Manba xabariga ko’ra, «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappe jamoani tark etishga yaqin. Parijliklar rahbariyati uning o’rniga hujumchi izlamoqda. Qayd etilishicha, Ronaldu Angliya klubi bilan xayrlashishga qaror qilsa, «PSJ» portugaliyalik forvard bilan muzokara boshlashga tayyor. Klub rahbariyati Messi – Ronaldu hujum tandemini orzu qilishmoqda.
Avvalroq, Ronaldu «Manchester Yunayted»dagi hozirgi vaziyatdan norozi bo’layotgani, vaziyat o’zgarmasa, agenti Jorje Mendeshdan unga yangi klub topishni so’ragani haqida xabar berilgandi. Mendesh bu masalada «Barselona» bilan gaplashishi mumkinligi aytilgandi.
Ma’lumot uchun, Ronaldu APL joriy mavsumida 16 o’yinda 8ta golga mualliflik qilgan. «MYu» 19 o’yindan keyin 31 ochko bilan 7-o’rinda bormoqda. Krishtianu Angliya kubogi doirasidagi «Aston Villa»ga qarshi kechgan dushanba kungi uchrashuvda (1:0) jamoasi qaydnomasidan o’rin olmadi.