Milodiy 180-192 yillarda hukmronlik qilgan Rim imperatori Kommod nomi bilan ataluvchi, ilgari maxfiy bo‘lgan yo‘lak joriy yilning 9 oktyabr kuni ilk bor jamoatchilik uchun ochildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bu yo‘lak imperatorlarga xalq orasiga aralashmasdan gladiatorlar jangi va boshqa tomoshalarni bevosita arenadan tomosha qilish imkonini bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Kolizeyning poydevor qismida milodiy I asr oxiri – II asr boshlarida, dastlabki loyihaga qo‘shimcha tarzda qazilgan. Kolizeyning o‘zi esa milodiy 80 yilda ochilgan.

Arxeolog Barbara Natssaro “Reuters”ga bergan intervyusida “Kommod yo‘lagi” birinchi marta omma uchun ochilganini aytib, “endi tashrif buyuruvchilar imperator bo‘lish qanday tuyg‘u ekanini his etishi mumkin,” degan.
Yo‘lak XIX asrda topilgan. “Associated Press” ma’lumotiga ko‘ra, u imperator Kommod nomi bilan bog‘lanadi, chunki tarixiy manbalarda yozilishicha, u aynan shu yerosti yo‘lagida unga qarshi uyushtirilgan suiqasddan omon qolgan.
Yo‘lakning kirish qismida arxeologlar sahna tomoshalari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan bezak elementlari – yovvoyi cho‘chqa ovlari, ayiq janglari va akrobatik chiqishlarni tasvirlovchi tasviriy bo‘laklarni topgan. Mutaxassislarning fikricha, bu badiiy bezaklar tomoshabinlarni yo‘lakdan keyin kutayotgan shafqatsiz o‘yinlarga kirish so‘zi sifatida ishlatilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrda 20 yil davom etgan restavratsiya ishlari yakunlanib, fir’avn Amenxotep III ning maqbarasi ilk bor sayyohlar uchun ochilgani haqida xabar berilgan edi.