Ispaniyadagi Madrid muzeylaridan birida italiyalik dengizchi va sayyoh Xristofor Kolumbning surati bo‘yoq bilan bejaldi. Bu haqda “El País” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Futuro Vegetal ekologik tashkiloti faollari Ispaniya harbiy-dengiz floti muzeyida rassom Xose Garneloning “Xristofor Kolumbning ilk bayrami” kartinasiga biologik parchalanadigan qizil bo‘yoq quyib, “Bayram qilishga hech narsa yo‘q!” deb hayqirgan.
Qayd etilishicha, mazkur aksiya mahalliy xalqlarning o‘z hududlarini bosib olgani uchun tovon to‘lash haqidagi tarixiy talablariga bag‘ishlangan va ularning tabiiy boyliklaridan foydalanayotgan hozirgi neokolonializmni qoralaydi.
Muzey xavfsizligi faollarni hibsga olib, zaldan chiqarib yubordi. Keyinchalik ular madaniy merosga qarshi jinoyatlarda ayblangan.
Har yili 12 oktyabrda Ispaniya mamlakatning milliy kunini nishonlaydi. Negaki 1492 yil 12 oktyabrda italiyalik sayyoh Xristofor Kolumb Amerikaga ilk bor qadam qo‘ygan. 1937 yildan beri AQSHda bu kun milliy bayram hisoblanadi.
Odatda “Kolumb Amerikani kashf etgan”, deyishadi. U 1492-1502 yillar oralig‘ida mintaqaga uyushtirgan to‘rt sayohati davomida Amerikani G‘arbiy Yevropaga tanitdi, deyish aslida to‘g‘riroq bo‘ladi. Shuningdek, u g‘arbiy yevropaliklarning Amerikaga katta oqim bo‘lib ko‘chib kelishiga yo‘l ochib bergan. Qo‘shma Shtatlar, Kanada va Meksikani o‘z ichiga olgan bir qancha yangi davlatlarning tashkil etilishida ham uning hissasi bor.
Ammo u Amerikani “kashf etdi” deyish noto‘g‘ri, chunki u borganida bu yerda allaqachon odamlar yashar edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ispaniyalik rassom va haykaltaroshi Pablo Pikassoning 80 yildan beri ko‘rilmagan surati Parijda kimoshdi savdosiga qo‘yilishi xabar qilingandi. Yuqori chap burchakda imzo qo‘yilgan 81×60 sm o‘lchamdagi rasm joriy yil 24 oktyabrda kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Boshlang‘ich bahosi 8 million yevro.