6 noyabr kuni Coca-Cola Superligada 24-tur uchrashuvlari o’z poyoniga yetdi. Diqqatga sazovor jihati – tur doirasidagi «Paxtakor» – «Surxon» uchrashuvida «sherlar» 5:0 hisobida g’alaba qozondi va uchrashuv yakunlangach, muddatidan avval chempionlik masalasini hal qilgan jamoaga mamlakat chempioni uchun atalgan sovrin topshirildi.
O’zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan tashkil etilgan Coca-Cola Superliga chempionini tantanali taqdirlash marosimida Toshkent shahar hokimi, «Paxtakor» futbol klubi raisi Jahongir Ortiqxo’jayev, MOQ vitse-prezidenti Sherzod Toshmatov, O’FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, O’zPFL bosh direktori Diyor Imomxo’jayev, o’zbek futboli afsonasi Birodar Abduraimov ishtirok etishdi. Shuningdek, stadionda to’plangan ko’psonli ishqibozlar «Afruz» guruhi, Dj.Piligrim ijrosidagi konsert dasturiga ham guvoh bo’lishdi.
Coca-Cola Superliganing 2021-yilgi mavsumi davomida ishonchli va barqaror o’yin namoyish etgan «Paxtakor» jamoasini chempionlik bilan tabriklash uchun so’zga chiqqan Jahongir Ortiqxo’jayev «sherlar»ni 14-chempionlik bilan tabriklab, jamoani yanada yaxshi darajaga olib chiqish va yoshlarga imkoniyat berish uchun Toshkent shahar hokimligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar davom ettirilishi haqida ta’kidlab o’tdi.
«Jamoani yangi va qudratli yoshlar bilan quramiz. «Paxtakor» nafaqat Toshkent yoki O’zbekistonda, balki dunyo arenalarida chempionlikni o’z qo’liga olishi uchun barcha harakatlarni amalga oshiramiz», – dedi shahar hokimi.
«Paxtakor» o’z tarixida 14-bor O’zbekiston chempionati oltin medallariga sazovor bo’ldi va bu borada mutlaq rekordchi bo’lib turibdi. Toshkent jamoasi Coca-Cola Superliga-2021da g’olib chiqish orqali kelasi yili Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish imkoniyatiga ham ega bo’lishdi.