O’zbekiston boks federatsiyasi rahbariyati Turkiyadagi jahon chempionatida ishtirok etadigan O’zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolari bilan uchrashdi.
Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilinishicha, uchrashuv davomida terma jamoamizning tajribali a’zosi, Olimpiya o’yinlari va jahon chempionati ishtirokchisi Tursunoy Rahimova O’zbekiston ayollar terma jamoasi sardori etib saylandi.
Ushbu uchrashuvdan so’ng bokschimiz o’z fikrlari bilan o’rtoqlashdi.
–Bo’lajak jahon chempionatida 10 ta vazn toifasida ishtirok etamiz. Avval ham aytib o’tganimizdek, jismoniy va ruhiy tayyorgarlikka katta e’tibor qaratilgan. Musobaqaga tayyorgarlik ko’rishimiz uchun barcha sharoit yaratib berildi. Bundan mamnunmiz.
Hozirda holatimiz yaxshi deb hisoblayman. Kecha o’tkazilgan yig’ilishda O’zbekiston ayollar terma jamoasi sardori etib saylandim. Bu menga qo’shimcha mas’uliyat yuklaydi. Terma jamoa sardori sifatida shuni ayta olamanki, Xudo xohlasa jahon chempionatida o’zimizga bildirilgan ishonchni oqlab, O’zbekistonga yaxshi natija bilan qaytamiz, – dedi Tursunoy Rahimova.
Ma’lumot uchun, 6-20 may kunlari Turkiyaning Istanbul shahri boks bo’yicha ayollar o’rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.