24-27-noyabr kunlari Jizzax shahridagi “So’g’diyona” sport majmuasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun belbog’li kurash bo’yicha ilk marotaba 2001-2003-yillarda tug’ilgan o’g’il bolalar va qizlar o’rtasida jahon chempionati bo’lib o’tadi.
O’zbekiston jahonning eng sara belbog’li kurashchilarini musobaqa gilamiga chorlaydi. To’rt kun mobaynida dunyo polvonlari belbog’li kurash qoidalari bo’yicha g’oliblik uchun bellashadi.
Jahon chempionatida o’g’il bolalar belbog’li kurash va erkin yo’nalishlarda
-52 kg, -62 kg, -68 kg, -75 kg, -82 kg, -90 kg, -100 kg hamda +100 kg vazn toifalarida, qizlar esa -48 kg, -52 kg, -58 kg, -66 kg, -76 kg hamda +76 kg vazn toifalarida kuch sinashadi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o’tkaziladigan Jahon chempionatida 1-o’rinni qo’lga kiritgan sportchi 10 million so’m, 2-o’rin sohibi 7 million so’m va 3-o’ringa sazovor bo’lgan sportchi 5 million so’m miqdorida pul mukofotiga ega bo’lishadi.
Belbog’li kurash bo’yicha jahon chempionati Turizm va sport vazirligi, O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi, Jizzax viloyati hokimligi, Jahon belbog’li kurash assotsiatsiyasi (JBKA), Xalqaro belbog’li kurash federatsiyasi (IBWA), O’zbekiston belbog’li kurash federatsiyasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar ko’magida o’tkaziladi.
Prezidenti sovrini uchun 2001-2003-yillarda tug’ilgan o’smirlar va qizlar o’rtasidagi jahon chempionatida dunyoning 30 dan ortiq davlatidan terma jamoalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Ayni paytda Jizzax shahrida jahon chempionatini munosib tarzda tashkil etish uchun qizg’in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.