Bektemir Meliqo'ziyevning navbatdagi raqibi va jangi sanasi ma'lum bo'ldi

Professional boksning super o’rta vazn toifasida harakat qilayotgan Bektemir Meliqo’ziyev (10-1, 8 KO) o’zining navbatdagi jangini 28 yanvar kuni AQShda o’tkazadi.

Kaliforniya shtatidagi Inglvud shahrida o’tadigan boks oqshomida o’zbekistonlik bokschiga amerikalik Ulises Sierra (17-2-2, 10 KO) raqib bo’ladi.

Jang super o’rta vazn toifasining vakant bo’lgan WBA Amerika mintaqaviy kamari uchun kechadi.

Meliqo’ziyev so’nggi jangini 2022 yilning dekabrida o’tkazib, unda bosniyalik Sladan Yanyaninni uchinchi raundda muddatidan avval mag’lub etgandi. Sierra uchun esa bu 2021 yilning oktyabridan keyingi dastlabki jang bo’ladi.