«ArMI—2022» VIII Xalqaro armiya o’yinlari doirasida Qo’qon shahri mezbonlik qilgan «Yo’l patruli» musobaqasi ham o’z yakuniga yetdi. 4 kun davom etgan ushbu musobaqada O’zbekiston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Eron Islom Respublikasi hamda Belarus Respublikasining harbiy xizmatchilaridan iborat jamoalar bahs olib borishdi. Jami 2 ta bosqich 6 ta shart bo’yicha o’zaro kuch sinashgan jamoalar, «individual poyga»,» texnik tanaffus», «ekstremal to’xtash»,» parallel parkovka», «kontravariya»,» harbiy estafeta» kabi shartlarni bajargan holda o’zlarining bilim va ko’nikmalarini amalda namoyon qildilar. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar bermoqda.
Mazkur musobaqa davomida birorta shartlarda ustunlikni boy bermagan O’zbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa yakuniy natijalar bo’yicha musobaqa g’olibi deb topildi. Ushbu musobaqa davomida barcha shartlarda faol ishtirok etgan Rossiya Federatsiyasi jamoasi ikkinchi o’rinni egallagan bo’lsa, uchinchi o’ringa bir yo’la ikki davlat vakillari Belarussiya Respublikasi hamda Eron Islom Respublikasi jamoalari loyiq deb topildi. Shuni alohida ta’kidlab o’tish lozim, ushbu musobaqada yurtimiz vakillaridan katta leytenant Jamoliddin Egamberdiyev hamda kichik serjant Muzaffar To’laboyevlar «Eng yaxshi texnik yordamchi» nominatsiyasi bo’yicha taqdirlangan bo’lsa, 3 darajali serjant Siddiq A’zamov «Ekstremal haydovchi» hamda «Universal mutaxassis» nominatsiyalari bo’yicha tengsiz deya e’tirof etildi.
Shu yilning 21 avgust kechki soat 19:00 da esa hunarmandlar shahri bo’lmish Qo’qonda xalqaro armiya o’yinlari doirasida o’tkazilayotgan «Yo’l patruli» musobaqasining tantanali yopilish marosimi o’tkazildi. Unda mudofaa vazirining qurollanish va qurollantirish bo’yicha o’rinbosari polkovnik Alisher Norboyev, ishtirokchi davlatlar mas’ullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, faxriylar va yoshlar, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Marosimda so’zga chiqqanlar musobaqa qiziqarli, qizg’in bahslarga boy tarzda o’tganini ta’kidlab, barcha shartlarda o’zining mahoratini ko’rsatgan qatnashchilarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so’ng sahnaga musobaqada g’olib va sovrindori deya topilgan jamoalar birin-ketin taklif etildi. Musobaqada uchinchi o’rinni qo’lga kiritgan Eron Islom Respublikasi hamda Belarus Respublikasi jamoasi a’zolariga bronza, ikkinchi o’rinni qo’lga kiritgan Rossiya Federatsiyasi jamoasiga kumush medallari topshirilgan bo’lsa, musobaqaning mutloq g’olibi deya topilgan O’zbekiston Respublikasi jamoasi a’zolari oltin medallar bilan taqdirlanishdi. Shundan so’ng mudofaa vazirining o’rinbosari yurtimiz vakillariga armiya o’yinlari kubogini hamda musobaqa bosh sovrini “Chevrolet Gentra” avtomashinasining kalitini tantanali ravishda topshirdi.