«Futbol qiroli» nomiga munosib ko’rilgan braziliyalik afsonaviy futbolchi , 29 dekabr kuni uzoq davom etgan kasallikdan so’ng 82 yoshida hayotdan ko’z yumdi.
Braziliyalik sobiq futbolchi Pele San-Paulu shifoxonasiga shoshilinch yotqizilgandi. Uning tanasida ko’plab shish va yurak yetishmovchiligi aniqlangan. 20 dekabr kuni futbolchining qizi uning shifoxonada ahvoli og’irligini ma’lum qilgandi.
27 dekabr kuni Pele oilasiga yaqin manba sanalmish biznesmen Frenk Xolid futbol qirolining ahvoli tobora yomonlashayotgani, u oilasi, do’stlari bilan vidolashgan.
«Pele yaqinlari va do’stlari bilan vidolashmoqda. Futbol qiroli saraton bilan kurashda afsuski sekin-asta taslim bo’lmoqda. Uning oilasi afsonaning ahvoli tobora og’irlashayotganini aytdi», – deya yozgandi Xolid.
Pele ichaklari, jigari va o’pkasida o’smalar paydo bo’lgani tufayli bir necha oy davomida kimyoterapiya muolajasini olib kelayotgan edi. Biroq bu foyda bermagan.
Sobiq futbolchi 2021 yil sentyabr oyida yo’g’on ichakdagi o’simtani olib tashlash bo’yicha operatsiya qilingandi, 2022 yilda esa uchta xavfli o’sma va siydik yo’llari infeksiyasini davolash uchun ikki marta shifoxonaga yotqizilgan edi.
Ma’lumot uchun, Edson Arantes du Nasimentu yoki «Pele» uch marta (1958, 1962, 1970) jahon chempioni bo’lgan dunyodagi yagona futbolchi, XX asrning eng yaxshi futbolchisi hisoblanadi.