Barchamizga yaxshi ma’lumki, go’zallik juda katta kuch. Agar tabiat ushbu sifatni malika yoki qirolichaga taqdim qilgan bo’lsa uning kuchi yanada ortadi. Bu kabi ayollar qo’llarining birgina ishorasi bilan qahramonlarni jasorat ko’rsatishga undar, dunyoning eng kuchli hukmdorlarini tiz cho’kishga majbur qilardilar. Ushbu maqolamiz orqali tarixdagi eng chiroyli malikalar haqida so’z yuritib o’tamiz.
Kleopatra
Ushbu ism har bir inson uchun yaxshi tanish bo’lsa kerak. Misr malikasi bo’lmish Kleopatraga sayyoramizning eng chiroyli ayoli sifatida ta’rif berganlar. Malika eramizdan avvalgi birinchi asrda yashab o’tgan va aksariyat go’zallar kabi injiq ekanligi bilan shuhrat qozongan. Uning mashhur oshiqlari Rim imperatori Sezar va nufuzli lashkarboshi Mark Antoniy edi. Ammo bu oshiqlar dengizidan bir tomchi holos. Malika o’z go’zalligi va yoshligini saqlab qolish maqsadida sutli vannalar qabul qilgan, eritilgan marvarid yordamida yuzlarini parvarishlagan. Ammo tarixiy faktlarning biri uning go’zalligiga nisbatan shubha tug’diradi. Bu qadimgi misr tangasidir. Ushbu tanga Misr malikasining tashqi ko’rinishini aks ettirgan yagona haqiqiy buyum sanaladi. Undagi ayol tasviri esa biz tasavvur qilgan va tarixiy filmlar orqali namoyish qilingan Kleopatra ko’rinishidan butunlay o’zgachadir. Qiziq, u haqiqatan ham tillarda doston bo’lguday husn sohibasi edimi? Balki bu husn faqat o’sha davrlar uchun chiroyli sanalgandir?
Yan-guyfey
Ushbu sohibjamol Xitoy hukmdori Syuan-szunning rafiqasi sanalgan. Malika 8 asrda hayot kechirgan bo’lib, uning taqdiri kutilmagan va qiziqarli edi.
Nochor oilada ulg’aygan go’zal imperatorning qalbidan shunchalar chuqur joy egallaydiki, u davlat ishlarining barchasini tashlab qo’ygancha bor vaqtini rafiqasining yonida o’tkazishga harakat qiladi. Oradan vaqt o’tib, bu holat natijasi ko’zga tashlana boshladi. Hokimiyatni imperatorning son-sanoqsiz qarindoshlari qo’lga olishdi, o’zi esa ayolining yonidan ketishni ham istamasdi.
Muhabbat oqibati esa davlat to’ntarishi va mamlakatni qamrab olgan fuqarolar urushiga olib keldi.
Anna Boleyn
Anna Boleyn – Angliya qiroli Genrix VIIIning ayoli. U o’z zamondoshlari hotirasida behad go’zal inson qiyofasi bilan saqlanib qolgan. Tarixiy manbalarga ko’ra, qirolichaning bo’yi o’rtacha va sarvqomat bo’lgan. Jigarrang ko’zlari va qalin lablari qizg’ish sochlari-yu oppoq terisi bilan birga juda chiroyli ko’rinardi. Bundan tashqari ayol juda aqlli bo’lib, davlat masalalarini a’lo darajada tushungan. Bu esa o’sha paytdagi britan taxti vakillari orasidagi kamyob sifat edi.
Saroy amaldorlari qirolichaning o’ta chiroyli, jozibador va aqlli ekanligidan hayratga tushardilar. Ammo u mamlakatni uzoq vaqt boshqara olmagan. Ayolni o’z erining buyrug’iga ko’ra qatl qilganlar. Bunga sabab esa uning mamlakatga va eriga hiyonat qilgani haqidagi gumon edi.
Barbara Radzivill
Barbara Radzivillarning nufuzli va kuchli oilasida tug’ilgan. Qiz 17 yoshga kirganda sarkarda Stanislavga turmushga chiqib, o’g’il farzandni dunyoga keltiradi va oradan 5 yil o’tgach beva qoladi.
Ammo yolg’izlik yillari uzoq davom etmadi. Oradan yana 5 yil o’tgach malika Buyuk Knyaz Sigizmund bilan nikohdan o’tdi. Bir yildan so’ng knyaz taxtga ega chiqdi, Barbara esa Polsha qirolichasiga aylandi. Aytish kerakki, ayol mamlakatning eng chiroyli insonlaridan biri bo’lgan. Unga atab she’rlar, ballada va poemalar yozilgan. Ammo Barbara faqatgina o’z erini sevgan, umrining oxiriga qadar unga sodiq bo’lib o’tgan. Biroq, ayolning hayoti uzoq davom etmadi. Rasmiy toj kiyish marosimidan 1 yil keyin Barbara birdagina o’zini yomon his qila boshladi va tasodifan tushunarsiz sabab bilan olamdan o’tdi. Insonlar uning zaharlangani haqida gapira boshladilar. Qirolicha bu paytda atigi 30 yoshga kirgan edi.
Nefertiti
Qadimgi Misr malikasi Nefertitining ismi “sohibjamol keldi” tarzida tarjima qilinadi. Ushbu ayolning husni haqida turli haykallar, yozma ma’lumotlarga ko’ra hulosa qilish mumkin. Ularning barchasida fir’avn Amenxotep rafiqasining samoviy go’zalligi ta’riflab berilgan. Afsonalarga ko’ra, bu kabi husnni misrliklar hech qachon ko’rishmagan. Shu sababli betakror Nefertitining timsoli barcha ibodatxonalarga tushirib chiqilgan. Oradan bir necha asrlar o’tgan bo’lsa ham uning go’zalligi hamon rassomlar va shoirlarni ilhomlantirib keladi. Haykaltaroshlar esa uning husniga rom bo’lgancha ijod qiladilar.
Malika Tamara
Gruzinlar malikasi Tamara nomi davlatning gullab-yashnagan davri ila bog’lanadi. Tamaraga bag’ishlangan she’rlarda uning qomati tik daraxtga, yuzi esa kulib turgan quyoshga qiyoslangan. Shoirlar o’z asarlarida uning qanchalar aqlli va adolatli bo’lganini ham yodga olib o’tganlar. Qizig’i shundaki, u nafaqat chiroyi, balki lashkarboshilik qobiliyati bilan ham nom qozongan. Tamara sobiq eri bilan jang qilib, uni Tbilisi yaqinida tor-mor keltiradi.
Malikaga Vizantiya podshohlari va sharqiy o’lka hukmdorlari sovchi qo’yadilar. Ammo u o’zi uchun juftni yuragining so’zi bilan tanlagan va butun umr sevgan yori bilan baxtli hayot kechirgan.
Simonetta Vespuchchi
Simonetta Vespuchchi – uyg’onish davrining eng mashhur shaxslaridan biridir. Simonetta Florensiyaning birinchi raqamli go’zali bo’lgan, aynan uning ko’magi bilan italyan rassomi Sandro Bottichelli o’z shedevrlarini yaratgan. Malika o’z davrining eng mashhur qizlaridan sanalgan, uning atrofidagi oshiqlarning son-sanog’i ko’rinmas va barchasi qizning roziligidan umidvor edilar.
Qizig’i, uning oshiqlari orasida o’zaro raqobat bo’lmagan. Simonetta erkaklar tomonidan ko’rib ko’z to’ymaydigan san’at asari kabi edi. Hattoki ayollar ham o’z raqibalari bo’lmish bu qizga hasad bilan nazar tashlamaganlar. Ular malikaning husnidan lol bo’lar, uning ahloqi va mehribonligi haqida to’lqinlanib so’zlashardi.
Margarita Navarrskaya
Ushbu sohibjamolning asl ismi Margatira De Valua bo’lib, u Fransiya qiroli Genrix II va Yekaterina Medichining qizi edi.
Malikaning go’zalligi va oshiqlarining soni haqida ko’p ko’plab afsonalar yurardi. Aytishlaricha, uning husniga o’z qarindoshlari ham oshiq bo’lib qolgan ekanlar. Ammo qizni siyosiy maqsadlarda Qirol Genrix De Burbonga turmushga beradilar. Qiz uni mashhur Varfolom kechasida qutqarib qolgan va asir kabi saqlanayotgan Luvrdan qochib ketishi uchun imkon yaratib bergan. Ammo shunga qaramasdan Margaritaning qirol bilan bo’lgan nikohi uzoq davom etmadi. Ayol uzoq yillar davomida oshiqlar orzusi bo’lib yolg’iz yashayverdi.
Mariya Styuart
Mariya Shotlandiyaning malikasi, qirol Yakov Vning yagona vorisi edi. Malika 16 yoshga to’lgan paytida uni Fransiya qiroli Fransis IIga turmushga beradilar. Oradan yarim yil o’tib u beva qoladi. Saroydagi makkorliklar va o’yinlarga bardosh bera olmagan malika o’z vataniga keladi. Ushbu sohibjamolning qalbini zabt etish ko’pchilikning orzusi edi, ammo buni faqatgina lord Dornli amalga oshira oldi holos. Oqibatda malika aynan unga turmushga chiqdi.
Anna Yaroslavna
Buyuk Kiyev knyazi Donishmand Yaroslav o’z paytida jahonning siyosiy maydonidagi eng nufuzli shaxslardan biri bo’lgan. Bunga qadar u Yevropaning kuchli sulolalari bilan qarindoshlik aloqalarini o’rnatish usulini olib borayotgan edi. Oqibatda uning qizlaridan biri ham Fransuz qiroli Genrix Iga turmushga chiqadi. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Genrix ilk marta o’z yori Annani ko’rganda uning oshiqi beqaroriga aylanib qolgan. Saroy ahli esa yangi qirolichani salkam ilohiylashtirib yuborganlar.
U tarixdagi eng chiroyli hukmdorlardan biri edi. Anna Genrix Iga 3 nafar o’g’il farzand tortiq etgan.
Eron malikasi Anis al Dolyax
Ushbu ayol haqiqatan qiziqarli shaxs bo’lib, o’z paytida go’zallik timsoli sanalgan. Uning oshiqlari juda ko’p edi, ulardan 13 tasi malikadan rad javobini olgani uchun o’z jonlariga qasd qilganlar. Anis al Dolyax turmushga chiqqan va 4 nafar farzand ko’rgan. Ammo ajrashib ketgan va oradan bir muddat o’tib ikkinchi bor turmush qurgan. U ayollar erkinligi va huquqlari uchun kurashgan Erondagi ilk insonlardan biri bo’lgan. Bundan tashqari malika hamisha Yevropa uslubida kiyinishga harakat qilgan va bu orqali Eronliklarni hayratga solib ham turgan.