Ushbu qizlar qirollik oilalarida tavallud topgan va malika bo’lib tug’ilgan bo’lishlariga qaramay, bu ularning oddiy insonlarni sevib qolishi, ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o’tkazishi, dunyo podiumlariga model sifatida chiqishi va nufuzli universitetlarda ta’lim olishlari uchun to’siq bo’la olmayapti.
Bir odatda malikalarni ertaklardagi kabi betakror liboslar kiygan, hashamatli toj taqqan malaksiymo ko’rinishida tasavvur qilamiz, aslida esa ular oddiy qizlardan mutlaqo farqlanishmaydi. Ushbu ro’yxatda keltirib o’tilajak zamonaviy malikalar kundalik hayotda toj taqib yurmasalar ham, juda yaxshi ta’lim olishgan, turli sohalarga qiziqishadi va zamonaviy kasblar bilan shug’ullanishadi.
Malika Aleksandra, Lyuksemburg
Malika Aleksandra Lyuksemburg gersogi Anri va Lyuksemburgning buyuk gersoginyasi Mariya Terezaning yagona qizi bo’lib, sport bilan jiddiy shug’ullanadi.
Aleksandra bolalik paytlaridanoq Uimbldonda qatnashib kelgan, ammo unchalik katta yutuqlarni qo’lga kirita olmadi. Aytganday, malikaning asl ismi juda ham uzun (dunyo malikalari orasidagi eng uzun ismlardan biri bu) – Aleksandra Jozefina Tereza Sharlotta Mariya Vilgemina.
Aleksandra 5 tilda so’zlasha oladi va taxtga vorislar ro’yxatida 5 o’rinda turadi.
Ledi Ameliya Vindzor, Buyuk Britaniya
Ameliya hali juda ham yosh, ammo uni Angliyaning birinchi raqamli sohibjamoli deya ataydilar. Qirolicha Yelizaveta II ning nabirasi va Sent-Endryu grafi Georg Vindzorning qizi haqiqatan ham juda go’zal. Garchi Ameliya qirollik oilasi vakili hisoblansa ham, uning malika sifatida rasmiy unvoni yo’q. Buyuk Britaniya qonunlariga ko’ra, qizning otasi graf bo’lsa, qiz malika emas, ledi deya atalishi lozim. Bundan tashqari Ameliya Vindzor taxtga vorislar qatorida bo’lsa ham undan umid qilmaydi. Sababi uning oldida taxtga da’vogarlik qilishi mumkin bo’lgan 37 ta voris bor.
Ammo qizning o’zi ham taxt haqida orzu qilib o’tirmaydi. U ta’lim sohasi va jurnalistika bilan juda qiziqadi. Angliyaning birinchi raqamli go’zali raqs kechalarining ishqibozi. Uning har bir chiqishi matbuotda katta shov-shuvga sabab bo’ladi. 2010 yilga kelib Tatler jurnali o’zining muqovasida Ameliyaning akasi va opasi bilan tushgan suratini e’lon qildi.
Malika Mariya-Luiza, Belgiya
Belgiya qirolligi hali juda ham yosh bo’lishiga qaramay, uning Yevropada qanchalar mashhur ekanligini ko’pchilik juda yaxshi biladi. Tashqi ko’rinish jihatidan nafis qo’g’irchoqqa o’xshaydigan malika Mariya-Luiza 1995 yilda tavallud topgan. U Belgiya malikasi Astrid va Ers gersogi Lorensning qizi hisoblanadi.
Ushbu qirollik oilasidagi barcha qizlar ismiga Mariyani qo’shib qo’yadilar, shu sababli ham ularni bir-biridan ajratib olish juda qiyin.
Luiza-Mariya katta opasi va akasi kabi Sint-Jan Berchman kolleji, keyin esa Buyuk Britaniyada tahsil olgan. Ammo qizning kun kelib taxtga chiqishi amri mahol. U taxt vorislari ro’yxatidagi to’qqizinchi o’rinda turadi. Shu bilan birga Mariya-Luizani orzudagi qizlardan biri sifatida bilishadi. Uning nufuzi va go’zalligi hech bir kuyovni befarq qoldirmasligi aniq.
Malika Iman bint al Abdulla, Iordaniya
Iordaniya qiroli Abdulla II va qirolicha Raniyaning qizi Iman bint al Abdulla onasiga juda o’xshaydi. Uning ko’zlari, mayin tabassumi mamlakat odamlarini allaqachon rom etib bo’lgan.
Iman sharqona muhitda tarbiya topgan qiz, ammo aksariyat arab malikalaridan farqli ravishda jamiyat hayotida faol ekanligi bilan diqqatga tushgan. Imanning onasi Raniya mamlakatda ayollar huquqlari uchun kurashadi.
Ayni paytda Iman Vashingtonda tahsil olmoqda.
Sharlotta Kaziragi, Monako
Ushbu sohibjamol qizga bir bor qaragan paytingizda uning husniga rom bo’lishingiz tayin. Sharlotta o’zining buvisi – Gollivud yulduzi Greys Kelli kabi betakror joziba ega. Uni zamonaviy malikalar ichidagi eng mashhurlaridan biri deya atash o’rinlidir.
Sharlotta nafaqat go’zal, balki o’ta aqlli va savodli qiz. Shu sababli ham uni malikalar uchun kerakli barcha sifatlarga ega inson sifatida yaxshi bilishadi. Kaziragi Sorbonna universitetining jurnalistika yo’nalishini tamomlagan va o’z kasbi bo’yicha ko’plab yutuqlarga ham erishgan. Bundan tashqari malika moda olami shaydosi, u mazkur sohaning eng nufuzli odamlari bilan qalin do’st tutingan. Rasmiy tadbirlar uchun unga jahon brendlari o’zlarining liboslarini tavsiya qilishlari ham bejizga emas!
Ammo Sharlotta ham xuddi Ameliya Vindzor kabi malika unvoniga ega emas. ”Men malika emasman. Mening onam malika, lekin men emas. Men davlat rahbarining jiyaniman, shu sababli ham ayrim hukumat vazifalarini bajaraman xolos” deydi u.
Sharlotta ikki farzandning onasi, u har bir sohada faol bo’lishni yoqtiradigan va harakatchan inson.
Malika Mako, Yaponiya
Yaponiya malikasi Mako nafaqat o’z yurtida, balki internet olamida ham juda mashhur shaxs. Yaponiya imperatori Akixitoning katta nabirasi 2004 yilda o’zining maktab formasida tushgan suratlari orqali mashhur bo’lib ketgandi. Suratlar internet tarmog’i bo’ylab butun dunyoga tarqaldi, multfilm ijodkorlari esa uning obrazidan turli qahramonlarni yaratish uchun foydalandilar.
Imperator oilasi bunday vaziyatga salbiy munosabat bildirgani yo’q. Yapon malikasi go’zal va jozibador bo’lish bilan birga o’qimishli hamdir. U Tokiodagi oliygohlardan birini Arts and Science dasturi bo’yicha tugatgan, Avstriyada tahsil olgan.
2017 yili Malika o’zi sevgan insonga turmushga chiqmoqchi ekanligi haqidagi xabar bilan barchani hayratga solgandi. Uning tanlagan yori Key Komuri bo’lib, yoshlar Tokiodagi universitetda o’qish paytida tanishib qolganlar.
Ushbu muhabbat tarixi uchun Mako o’zining oliynasab unvonidan kechishga rozi bo’lgandi, ammo turli holatlar sabab uning to’yi ortga surilaverardi.
Malika va Keyning ko’zlariga qarasangiz ularda muhabbat uchqunlarining yaqqol namoyon bo’lib turganini ko’rasiz.
Polin Dyukryue, Monako
Polin Greys Magay Dyukryue – Monako malikasi Stefaniyaning qizi bo’lib, 1994 yilda dunyoga kelgan. Polin bolalik yillaridanoq badiiy gimnastika bilan shug’ullangan, sport musobaqalarida dayver sifatida ham ishtirok etgan. 2010 yilda Germaniyadagi o’smirlar chempionatida Monako nomidan chiqish qilgan. Bundan tashqari malika sirk san’atining ashaddiy ishqibozi. U har yili Xalqaro sirk san’ati festivalida ishtirok etadi.
loading…